Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganning ishbilarmon ayollari
08:25 / 2025-08-24

Mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki, yangi ish o‘rinlar yaratishdagi tashabbuslari va iqtisodiy taraqqiyotga qo‘shayotgan hissasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi Namangan viloyatida joriy yilda ham katta shukuh va yuksak saviyada o‘tkazildi.

Mazkur tanlovda uzoq yillardan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, xorijiy investitsiyalarni jalb etayotgan, ko‘plab insonlarni ish bilan ta’minlayotgan, jamiyat hayotida alohida jonbozlik ko‘rsatayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Qayd etish joiz, tanlovning tuman bosqichlarida 200 dan ziyod ishbilarmon opa-singillar o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ko‘rgazmalarda faol qatnashib, hakamlar hay’atining yuqori bahosiga sazovor bo‘ldi. Ishtirokchilar taqdim etgan ijodiy ishlar va tadbirkorlik namunalari tanlovning keyingi bosqichida qatnashish huquqini berdi. Saralanganlar orasidan 16 nafar xotin-qiz tanlovning hududiy respublika bosqichida o‘z omadini sinab ko‘rish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Namangan shahridagi  “Uch favvora” xiyobonida parlament va mahalliy Kengash deputatlari, yirik tadbirkor xotin-qizlar, partiya faollari ishtirokida tanlovning hal qiluvchi hududiy bosqichi hamda tadbirkor ayollar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi arafasida, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgani esa, uning ahamiyatini yanada oshirdi.

Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yakubova, respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi, O‘zLiDeP viloyati kengashi yetakchisi, deputat Solijon Mo‘minov o‘tayotgan bu kabi tanlov va loyihalar xotin-qizlarning tadbirkorlik borasidagi salohiyatini oshirish, mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Partiyamiz xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirmoqda, – deydi O‘zLiDeP Namangan viloyati kengashi mas’ul xodimi Orifjon Mahmudov. – Jumladan, “Bunyodkor ayollar” dasturi doirasida ko‘plab ayollar imtiyozli kreditlar olib, o‘z biznesini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. “Ayollar innovatsion rivojlanish tarafdori” tashabbusi orqali esa mahalliy tadbirkor ayollar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xorijga eksport qilinmoqda.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Namangan shahridan ishtirok etgan faol tadbirkor Hakimaxon Toshmatova faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Chustlik Sanobarxon Tojiboyeva ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘rin Namangan tumanidan Sojidaxon Ortiqovaga nasib etdi. Barcha g‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

E’tirof etish darkor, “Ishbilarmon ayol” tanlovi tadbirkor xotin-qizlarni rag‘batlantirish, ularning faoliyatini ommalashtirish va yangi avlod ayol tadbirkorlari uchun ibrat bo‘lish maqsadini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.