Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganning ishbilarmon ayollari aniqlandi
14:01 / 2022-08-25

Namanganda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Ishbilarmon ayol – 2022” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlov yuzlab tadbirkor ayollarni kashf etish, ularga o‘z biznesini boshlab, oila va jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga yaqindan ko‘mak bermoqda.

Mustaqilligimizning o‘ttiz bir yilligi bayrami arafasida "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tadbirda mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, qulay biznes muhitini yaratish, soliq yukini kamaytirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar va belgilab berilgan vazifalarning ahamiyati haqida so‘z bordi.

Viloyat shahar va tumanlaridan saralangan 22 nafar ishtirokchi tadbirkor, fermer va hunarmand xotin-qizlar o‘z ko‘rgazmalari orqali ishbilarmonlik salohiyati, mahsulotlar va servis xizmatlar turlari hamda uning sifatini, yangi ish o‘rinlarini ko‘rsatishga intildi.

– Uychi tumanidagi Qumtepa mahallasida joylashgan tikuv seximizda yuzdan ortiq xotin-qizlar ishlab kelmoqda, asosan ayollar uchun tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaramiz, – deydi “Begoyim textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari, ko‘p tarmoqli tadbirkor Sevara Olimova. – Mahsulotlarimizni mahalliy bozordan tashqari Rossiya Federatsiyasiga ham eksport qilamiz. Tanlovda o‘z mahsulotlarim bilan ishtirok etyapman.

Tadbir davomida bir guruh ishbilarmon ayollar rag‘batlantirildi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Namangan shahridagi “Latifa Guli” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Gulnora Mirzaabdullayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uychi tumanidagi “Begoyim textile” MCHJ rahbari Sevara Olimova ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Pop tumanidagi “Shaxobiddin-shukrona textile" ishlab chiqarish kooperativi rahbari Nargiza Davronova uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, partiyaning diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA