“Afg‘on shamoli”, “Jasorat” kabi romanlari bilan adabiyot ixlosmandlarining mehrini qozongan adib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Isoqjon Nishonov ayni kunlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib, nazm shaydolari va taniqli adiblar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
AQSHdagi "Outskirts press" nashriyoti to‘raqo‘rg‘onlik adibning "Xazon bo‘lgan bolalik" ("Broken Blossoms") asarini chop etganidan so‘ng Amerika yozuvchilar assotsiatsiyasi Isoqjon Nishonovni ham o‘z a’zolari safiga qabul qildi. Yaqinda mazkur assotsiatsiyadan Nyu-York, Vashington, Baltimor kabi shaharlarda bo‘lib o‘tadigan xalqaro yozuvchilar anjumanida ishtirok etish uchun taklifnoma olgan hamyurtimiz hozir okean ortida bo‘lib turibdi.

Denver shahridagi universitet kutubxonalaridan birida o‘zbek va amerikalik yozuvchilarning talabalar bilan ijodiy uchrashuv kechasi bo‘lib o‘tdi. Adibning ta’kidlashicha, uchrashuv Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ allomalarimiz haqida savol-javoblar bilan yodda qolgan. Talabalar milliy adabiyotimiz, uning tarixi va bugungi taraqqiyoti haqida chuqur qiziqish bildirdi.

– Metropoliten universitetida o‘tkazilgan kitob yarmarkasida tanishgan amerikalik taniqli yozuvchi Bred bizni o‘z uyiga mehmonga taklif qilgan edi. Bu taklifni bajonidil qabul qilib, uyida bo‘ldim, – deydi vatandoshimiz Isoqjon Nishonov. – Uni yozuvchi sifatida mashhur qilgan asari – “The Last Zephyr” (“So‘nggi mayin shamol”) romanidir. Asar hayotiy dramatizm, kutilmagan yechimlar va qahramonlarning ruhiy iztiroblari bilan kitobxon qalbiga chuqur kirib boradi. Bred va turmush o‘rtog‘i Barbara xonim bilan jahon adabiyoti haqida juda foydali suhbatlar qildik. Amerikalik yozuvchi O‘zbekiston va o‘zbek adabiyotiga juda qiziqib qoldi. Ertasiga elektron pochtamga "2027-yilning kuzida O‘zbekistonda ko‘rishamiz” deb yozib yuboribdi.
Darhaqiqat, namanganlik adibning olis Amerika bo‘ylab ijodiy safari adabiyot millat va makon tanlamasligi, kitob va samimiyat qalblarni birlashtirishini yana bir karra isbotlamoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA