O‘zbekistonning Qatar davlatidagi elchixonasi tomonidan Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda boshlangan yoshlar uchun o‘quv dasturi O‘zbekiston yoshlarini global miqyosda tan olingan kasb-hunar ko‘nikmalari bilan ta’minlashga qaratilgan.
Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston progressiv islohotlar markazi hamda Qatarning Doha fan va texnologiya universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi kasb-hunar ko‘nikmalari markazi uchun poydevor yaratdi.
Namanganlik 15 nafar yosh mutaxassis Doha fan va texnologiya universitetida o‘n oylik o‘quv dasturini amalga oshirish uchun Qatarga yetib keldi. O‘quv dasturi yakunlangach, ular Namanganda yangi tashkil etilgan O‘zbekiston-Qatar kasb-hunar ko‘nikmalari markazida sertifikatlangan murabbiylarga aylanadi.

Markaz har yili taxminan 1000 nafar mutaxassisni beshta yuqori talabga ega sohada, ya’ni payvandlash, santexnika, elektr ishlari, hamshiralik ishi va umumiy muhandislik bo‘yicha tayyorlashga mo‘ljallangan.
Ayni kunlarda arab davlatlarida bo‘lib turgan Namangan viloyati delegatsiyasi vakili, “Axsikent” arxeologik yodgorlik parki rahbari Anvar Ikromovning qayd etishicha, Qatar Taraqqiyot jamg‘armasi ham ushbu loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun potensial hamkor sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Doha universitetining o‘quv dasturi ishtirokchilarni ushbu o‘rta darajadagi mutaxassisliklar bo‘yicha tajriba bilan ta’minlaydi. Bitiruvchilar xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarga ega bo‘ladilar va Qatar, Yaqin Sharq, Yevropa va Qo‘shma Shtatlarda ish imkoniyatlariga ega bo‘ladi. Ushbu hamkorlik mahalliy va global iqtisodiyotga hissa qo‘sha oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim bosqichni anglatadi.
O‘zbekiston-Qatar kasb-hunar ko‘nikmalari markazi nafaqat Namanganda balki ikki mamlakatimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.