FOTOREPORTAJ
Namanganda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Shodiyona” tantanalar majmuasida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi vakillari, sektorlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov nafosat sohibalari – xotin-qizlar va muhtarama onaxonlarni bayram bilan qutladi.
Viloyat rahbari mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqei, rolini yanada oshirish, turmush sharoitini bundan-da yaxshilashga qaratilayotgan katta e’tibor, amalga oshirilayotgan xayrli ishlar xususida so‘z yuritdi. Xususan, shahar va tumanlarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorligini rivojlantirish hamda ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar haqida qisqacha to‘xtaldi.
[gallery-10849]
Viloyatda mavjud 2 million 900 mingdan ziyod aholining 1 million 442 ming nafari (49,2 foiz)ni xotin-qizlar tashkil etadi. Viloyat ravnaqida ularning beqiyos xizmatlari borligi alohida ta’kidlandi.
Viloyat hokimi joriy yil “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan 16 nafar xotin-qizni samimiy muborakbod etib, ularga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Ular safi yanada kengayishiga tilak bildirdi.
Madaniyat xodimlari va taniqli san’atkorlarning chiqishlari barchaga bayram kayfiyatini baxsh etdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA