French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik taekvondochilar Koreyada medallar shodasiga ega bo‘ldi
18:55 / 2022-07-04

Mamlakatimizda sportga oshno tutingan, jismonan chiniqqan umidli yosh o‘g‘il-qizlarimiz xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston shon-shavkatini jahon bo‘ylab yoymoqda.

O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi Namangan viloyatining iqtidorli sportchilari Koreyaning Chuncheon shahrida bo‘lib o‘tgan “G-2” xalqaro reyting ball beruvchi nufuzli musobaqada medallar shodasini qo‘lga kiritdi.

Mazkur turnirda Vatanimiz sharafini aka-uka murabbiylar Xolmurod va Ma’murjon Nozimov boshchiligidagi yetti nafar sportchi munosib himoya qildi. O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zolari – to‘rtta oltin, bitta kumush va bitta bronza medallarga sazovor bo‘ldi.

Namangan Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji talabasi Nursulton Hakimov (73 kg.), Namangan shahridagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi vakillari Gulshanoy Ismoilova (42 kg.), Abdurasul Inomov (68 kg.) va Asadbek Soataliyev (48 kg.) o‘z vazn toifalarida kechgan barcha janglarni g‘alaba bilan yakunlab, zafar nashidasini surdi. 

Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining tarbiyalanuvchilaridan - Diyora Imomaliyeva 49 kg. vaznda finalgacha yetib kelib, kumush medaliga munosib ko‘rildi. Hojiakbar Abdurasulov esa 63 kg. vaznga ega bo‘lgan sportchilar orasida kuchli uchlikdan joy olib, bronza medali bilan taqdirlandi.

Murabbiylar ushbu muzaffar sportchilarni kelgusida yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun munosib ravishda kurasha oladigan da’vogarlar sifatida ishonch bildirmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA