English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik tadbirkorlar Qirg‘izistonda tikuvchilik fabrikasini quradi
14:42 / 2021-06-10

Ayni paytda mahalliy hokimlik mutasaddilari, boshqarma, tashkilot, huquqni muhofaza qilish idoralari va sektor rahbarlari, ishbilarmonlar doiralari vakillaridan iborat Namangan viloyati delegatsiyasi amaliy tashrif bilan qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyatida bo‘lib turibdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattar Sirgaboyev tomonidan qabul qilindi. Mazkur amaliy muloqotda ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik va o‘zaro do‘stlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan rasmiy uchrashuv chog‘ida eksport-import masalalarida hamkorlik o‘rnatish, xususan, Namanganga qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, go‘sht, mahsulotlari, qurilish materiallari va ko‘mir yetkazib berish, Jalolobod viloyatiga esa tikuvchilik va oziq-ovqat sanoatini olib kirish bo‘yicha istiqbolli rejalarni amalga oshirish xususida so‘z yuritildi.

Hozirgi kunda Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyatida 1 million 238 ming aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning 26 foizi o‘zbeklarni tashkil etadi. Jalolobodda o‘zbek tiliga ixtisoslashgan 21 ta maktab faoliyat yuritmoqda, ularda mahalliy hukumat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratilgan. «Yangi tong» nomi bilan faoliyat olib borayotgan gazeata tahririyati ayni vaqtda 3 ming adadda chop etilmoqda. Namangan delegatsiyasi a’zolari Jalolobod viloyatida yashab kelayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.

Delegatsiya vakillari Jalolobod gubernatori hamrohligida "Dvoynyashki" nomli qandolatchilik mahsulotlari fabrikasi ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur korxonada yuzdan ortiq xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlagan. Ushbu korxona mahsulotlariga ichki bozorda talab juda yuqori.

“Kelechek” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan mineral suvlar nafaqat, Qirg‘iziston, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari, shu jumladan O‘zbekiston bozorlarida ham o‘z o‘rnini topib ulgurdi. Ma’danli va boshqa turdagi ichimlik suvlari ishlab chiqarayotgan mazkur korxona faoliyati bilan ham tanishildi.

Dastur asosida bir qator sanoat ishlab chiqarish korxonalarida ham bo‘lindi. Jalolobodning Sputnik shaharchasida joylashgan O‘rta Osiyo toshni qayta ishlash korxonasida nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.  

O‘zgan tumanida katta tosh koni mavjud bo‘lib, qurilish sanoati korxonalari uchun zarur xomashyo hisoblanadigan travertin kabi toshlar shu yerdan keltiriladi.

“Mira” savdo belgisi bilan turli xil qishloq xo‘jalik mahsulotlarini konservalash, sharbatini olish, qadoqlash, ichimlik suvlari ishlab chiqarish va eksport qilish bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanib kelayotgan korxona ishi kuzatildi. Namangan va Jalolobod viloyatlari rahbarlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashdi.

Jalolobod viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etildi. Unda Namangan viloyati hokimligi mutasaddilari, qo‘shni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati bilan chegaradosh tumanlar hokimlari, ekportyor tadbirkor va ishbilarmonlar ishtirok etdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari bo‘yicha o‘zaro muzokaralar olib borildi.

– O‘zbek va qirg‘iz xalqlari bitta ariqdan suv ichadigan, tili va dini bir, o‘zaro maqsadlari mushtarak bo‘lgan ahil va totuv elmiz, – deydi “Art soft Holding” kompaniyasi rahbari G‘iyosiddin Boboxonov. – Hamkorligimiz kengaymoqda, shundan xursandmiz. Jalolobodlik hamkorlarimiz korxonamizga tashrif buyurib, o‘zaro hamkorlik qilish istagini bildirgan edi. Muzokaralarimizning amaliy natijasi sifatida, Jalolobod shahrida qiymati 25 million AQSH dollarga teng bo‘lgan, 450 kishining bandligini ta’minlaydigan, paxtadan ip va ipdan momiq sochiq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan fabrikalar quramiz. Hamkorlikdagi ushbu loyihamizni 2022 yilning uchinchi choragida ishga tushirishni rejalashtirganmiz.

«Namangan-Jalolobod» biznes forumi ham bo‘lib o‘tmoqda. Unda har ikki viloyat rahbarlari, rahbar o‘rinbosaroari, chegaradosh tuman hokimlari, tadbirkorlar va ishbilarmonlar ishtirok etmoqda.

Namangan viloyati delegatsiyaning Jalolobod viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA