Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik sportchilar vodiyda birinchi
17:27 / 2021-10-27

Namangan shahridagi badiiy gimnastikaga ixtisoslashtirilgan Bolalar-o‘smirlar sport maktabi joylashgan “Pahlavon” sport majmuasida madaniyat, turizm va sport xodimlari o‘rtasida "Sport-salomatlik garovi" shiori ostidagi spartakiadaning Farg‘ona vodiysi mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

11 noyabr - O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan mazkur musobaqada tarmoq kasaba uyushmalari tasarrufidagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan jami 500 nafar xodim sportning beshta turi - stol tennisi, voleybol, shaxmat-shashka va mini futbol bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Musobaqaning stol tennisi bo‘yicha o‘yinlarida erkaklar o‘rtasida Namangan viloyati vakili Zokirjon Olimov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Farg‘onalik Xodixo‘ja Alixonov ikkinchi o‘rinni egalladi. Andijon viloyatidan Rustam Rahmonov uchinchi pog‘onadan joy oldi. Xuddi shu sport turida ayollar ishtirokidagi bahslarda namanganlik Nozima Ashurovaga teng keladigan raqib topilmadi. Andijonlik Gulnoza Teshaboyeva ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Farg‘onalik Mavluda Xo‘jayeva kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Voleybol uchrashuvlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazib, zafar nashidasini surgan mezbonlar jamoasi g‘oliblik shohsupasining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Andijon viloyati hamda farg‘onaliklar voleybolchilar mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rin natijalarni qayd etdi.

Mini futbol o‘yinlarining barchasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchrata olgan maydon egalari vakillaridan iborat jamoa birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Farg‘ona hamda Andijon viloyatlari charm to‘p ustalari mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni band etdi.

Erkaklar va ayollar ishtirokidagi shaxmat bellashuvlarida aql-idrok salohiyatini namoyon etgan  Jahongir Rahimov, Viktoriya Suxotka (Namangan), Ikromjon Aripov, Zamira Nazarova (Farg‘ona), Ziyodullo Shamsuddinov va Munojat Abdullayeva (Andijon) g‘olib deb topildi.

Shashka bo‘yicha bllashuvlarida esa Inomjon Imomov, Barno Ortig‘aliyeva (Farg‘ona), Mahmud Soliyev, Mavluda Mahkamova (Andijon), Foziljon Saidov va Buroxila Yo‘ldosheva (Namangan)ning qo‘llari baland keldi.

Vodiy spartakiadasining g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan  diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Musobaqaning umumjamoa hisobida yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Namangan viloyati sportchilari spartakidaning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA