Shu kunlarda slalomda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Al Ayn shahrida o‘tayotgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida Buyuk Britaniya, Germaniya, Slovakiya, Sloveniya, Xitoy, Polsha, Rossiya, Shveysariya, Xorvatiya, Andorra, Fransiya va Niderlandiya kabi davlat terma jamoalari bilan birgalikda ishtirok etmoqda.
Yig‘inga jami 16 nafar sportchi jalb etilgan bo‘lib, ular 4 nafar murabbiy hamda 2 nafar xalqaro mutaxassis: Pavel Smirnov va Hernanz Samuel qo‘l ostida shug‘ullanmoqda. Mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan sportchilardan tashkil topgan terma jamoamiz safida Namangan viloyati sportchilari ham o‘zlarining mahoratlarini yanada oshirayotir.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, sportchilarimizga xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tajriba orttirish, xalqaro maydonda o‘z salohiyatini yanada oshirish imkonini bermoqda.

Darvoqe, slalomchilarimiz yig‘indan so‘ng 2-8-mart kunlari Tailandda o‘tkaziladigan 23 yoshgacha bo‘lgan eshkak eshuvchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati hamda “ICF” tomonida o‘tkaziladigan nufuzli turnirlarda ishtirok etadi. Musobaqalarning, ekstrim slalom yo‘nalishida yurtimiz sharafini Samandar Saydullayev, Daniyor Islomov va Mustafo Matiboyev himoya qiladi.

Qayd etish joizki, milliy terma jamoa tarkibidan joy olgan yetakchi sportchilarning sport anjomlari yangilandi. Endi ular nufuzli musobaqalarda yangi qayiqlarda ishtirok etib, yuqori natijalar uchun kurash olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA