Namanganlik shifokorlar sport bilan doimiy shugʻullanmoqda
Sport - sogʻlom hayot kechirishning muhim omili
Sport - sogʻlom hayot kechirishning muhim omili. Shu bois ham Namangan viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalari xodimlari jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini taʼminlashni yangi bosqichga koʻtarishdi. Har kuni ertalab salomatlik posbonlari gimnastika bilan shugʻullanishni odat tusiga kiritishdi. Barcha tibbiyot maskanlarida ertalabki faoliyat ana shu amaliyot bilan boshlanmoqda.
9 martdan esa, viloyatning markaziy koʻchalarida tibbiyot xodimlarining marafoni boʻlib oʻtdi.
Shunisi eʼtiborga molikki, sogʻliqni saqlash xodimlari boshlab bergan aksiya ommaviylik kasb etdi. Marafonchilarga turli tashkilot va idoralarning jamoalari va aholi vakillari ham qoʻshildi. Tadbir oʻtkazilayotgan joylarda mutaxassislar piyoda yurishning inson organizmiga ijobiy taʼsiri haqida targʻibot ishlarini olib borishdi.
Sogʻlom turmush sari undovchi tadbirlar bardavomdir. Yaʼni, kelasi shanba viloyatda yana marofon uyushtiriladi. 23 mart kuni esa “Quvnoq startlar” musobaqasining tuman va shahar bosqichlari oʻtkaziladi. 30 mart velosipedda sayr qilish kuni, deb belgilangan.