English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik pillakorlar zafar marrasida
19:20 / 2023-06-19

Prezidentimizning 2020 yil 17 yanvardagi “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori mamlakatimizda pillachilikni rivojlantirishga qaratilgan yana bir e’tibor bo‘ldi desak, mubolag‘a qilmaymiz.

Yuqori sifatli ipak mahsulotlari ishlab chiqarish rag‘batlantirilib, ipakchilik tarmog‘i korxonalarining barqaror faoliyat yuritishi hamda ularning kompleks rivojlanishi ta’minlanmoqda. Namangan viloyatida asosan joriy mavsumda jami 37 ming 174 quti ipak qurti parvarishlanib, 32 ming 530 nafar qurt boquvchiga o‘rtacha 1,1 qutida 20 grammdan tarqatildi. Yaxshi niyatlar ila boshlangan amaliy sa’y-harakatlar iyun oyida o‘z samarasini ko‘rsatdi.  

Har qutisidan o‘rtacha 58,1 kilogrammdan jami 2 ming 161 tonnadan ziyod hosil taroziga tushdi.  

– Ipak qurti boqishni “Tut bargidir yemishi, guldan toza turmushi”, deya ta’riflashadi. Ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 9,5 million tup tut ko‘chati ekish belgilanib, reja 100,8 foizga bajarildi, – deydi Namangan viloyati qorako‘lchilik va pillachilik hududiy boshqarmasi boshlig‘i, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi” faxriy unvoni sohibi Rahbarxon Yavminova. – Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2023 yil 1 iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 5 ming gektar maydonda yangi tutzorlar tashkil etish uchun yer maydonlarni ajratish va pillachilik klasterlar sonini ko‘paytirish belgilanib, tumanlarda tutzorlar xatlovdan o‘tkazildi.  

Darvoqe, viloyat xirmoniga Norin, To‘raqo‘rg‘on, Pop, Mingbuloq va Uchqo‘rg‘on tumanlari pillakorlari barakali hissa qo‘shdi. Xususan, To‘raqo‘rg‘ondagi “Fozilbek Abdulhodiyev”, “Shohsulton diyori”, “Shahand baraka zamin”, Norindagi “Hamzaxo‘ja ota o‘g‘li Madaminxo‘ja”, “Arslonovlar” fermer xo‘jaliklari shartnomaviy rejani 115-120 foizga oshirdi. Quvonarlisi, ilg‘or pillakorlarimiz har quti ipak qurti hisobiga rejadagi 58 kilogramm o‘rniga 75-80 kilogrammgacha hosil yetishtirishga erishdi.  

Sohada erishilgan yuqori natijalar zamirida asosan moddiy manfaatdorlikning ortgani mujassam. Avvalo, “kumush tolachi”larga qator imtiyoz va qulayliklar, bisyor rag‘batlar berildi. Mehnat mahsuliga tarozini ustida hisob-kitob va to‘lov qilingani, mavsumdagi ish vaqtini stajga qo‘shilgani hamda subsidiya berilgani albatta, mehnatkashlarning kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat, shijoatiga-shijoat qo‘shdi.  

Singapurning Namangan shahridagi “Verigrow ipagi” xorijiy korxonasi ombori ham xomashyoga to‘ldi. Sexlarda qayta ishlash jarayonlari davom etmoqda. Korxonada yangi mavsumda 2023 yildan boshlab 600 kishi mehnat qilmoqda. Tumanlar bo‘yicha pilla yetishtirishda mavsumiy ishchi-xodimlar 10 ming nafarni tashkil qiladi. Mingbuloq, Kosonsoy, Chust va Uychi tumanlarida korxonaga qarashli pillachilik klasterlari tuzilgan. Bugungi kunda ular ulkan rejalar asosida mehnat qilib yurtimiz pilla sanoati rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA