Namanganlik paxtakorlar zafar marrasini zabt etdi
Namangan viloyati paxtakorlari 201 ming 849 tonnalik ulkan xirmon bunyod etib, yillik shartnomaviy rejani ortigʻi bilan bajardi.
Namangan viloyati paxtakorlari 201 ming 849 tonnalik ulkan xirmon bunyod etib, yillik shartnomaviy rejani ortigʻi bilan bajardi.
Joriy yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan 63 ming 406 gektar maydonga chigit ekilib, parvarish qilindi. Belgilangan agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilganligi, dehqonlarning samarali mehnati evaziga har gektardan oʻrtacha 31,7 sentnerdan hosil yetishtirildi.
63 ming 406 gektar maydondan 28 ming 394 gektariga “Andijon-35”, 10 ming 986 gektariga “S-6524”, 10 ming 770 gektariga “Sulton”, 4 ming 737 gektariga “Namangan-34” navi va 8 ming 519 gektar maydonga istiqbolli va yangi navlar joylashtirildi.
Viloyatda paxta yigʻim-terim ishlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida 1 ming 381 otryad shakllantirilib, 184 ming nafardan ortiq terimchi jalb etildi. Ularga yetarli shart-sharoitlar yaratilib, muntazam ravishda ragʻbatlantirib borildi.
Chortoq tumanidagi “Turgʻunboy Joʻraboy Munavvar” fermer xoʻjaligi gektaridan 52,8 sentner, Namangan tumanidagi “Gʻofurjon ota OEF” fermer xoʻjaligi 55,2, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Komilov Tursunboy” fermer xoʻjaligi 50,8, Pop tumanidagi “Margʻizor zamini” xususiy korxonasi 49,7, Norin tumanidagi “Qobuljon Mushtariy” fermer xoʻjaligi 46 sentnerdan hosil olishga erishdi.
Dehqonchilikda texnika ham katta oʻrin egallaydi. Klaster korxonalari tomonidan moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalasi asosiy vazifa sifatida belgilandi. Klaster tizimiga oʻtilib, fermer xoʻjaliklarining texnika, mineral oʻgʻit va yoqilgʻi-moylash materiallari bilan taʼminlanish darajasi yaxshilanganligi hisobiga yildan-yilga yuqori hosil olayotgan fermer xoʻjaliklari safi kengayib bormoqda.
Mavsum davomida 45 terim mashinasi ishtirok etdi. Oʻtgan yili 13 paxta terim mashinasi qatnashgan boʻlsa, joriy yilning oʻzida 7 klaster korxonasi tomonidan 32 yangi paxta terim mashinasi sotib olindi. Qayd etish joiz, terim mashinalarining 19 tasi bevosita “Art Soft Holding” klasteri Mingbuloq tumanidagi filialiga tegishli boʻlib, terilgan paxta xomashyosini sifatli saqlash hamda qayta ishlash uchun mazkur klasterga qarashli paxta tayyorlov maskanlari qabul qilib oldi. Buning natijasida tumandagi Gulbogʻ, Damkoʻl, Gigant va Navoiy paxta punktlari hosilga toʻldi. Ushbu klaster boshchiligidagi fermer xoʻjaliklari 36 ming 611 tonnalik xirmon koʻtardi.
Rejani yorugʻ yuz bilan ado etilishida shartnomani uddalagan Chortoq, Mingbuloq, Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Norin va Pop tumanlari paxtakorlari munosib jonbozlik koʻrsatdi. Shuningdek, ulkan xirmonga Namangan shahridan kelgan koʻngilli hasharchilar ham hissa qoʻshdi.