Bugun Namangan viloyati paxtakorlari davlatga paxta sotish bo‘yicha yillik shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardilar. Ikki oy davom etgan terim natijasida qabul punktlariga 214,2 ming tonnadan ziyod qimmatli sanoat xomashyosi yetkazib berildi.
Fidoyi dehqonlarimiz, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari yangi hosil uchun yerni shudgorlashdan boshlab, chigit ekishu nihollarni agrotexnik talablar asosida parvarishlash, yetishtirilgan hosilni nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishgacha davrda samarali mehnat qildilar.
Viloyatda 2025 yil paxta hosili uchun 48,9 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanib, har gektar maydondan o‘rtacha 44 sentnerdan hosil ko‘tarildi. Binobarin, 28 ming gektar maydonga xorijiy serhosil chigit navlari ekilgani yaxshi natija berdi. Yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda yig‘ib olish uchun bu yil klaster va fermerlar tomonidan 70 ta yangi paxta terim mashinasi sotib olinib, ularning umumiy soni 170 taga yetkazildi. Buning natijasida, joriy hosilning 79 ming tonnasini yoki 40 foizi texnikalar hisobiga yig‘ishtirib olindi.
Paxtachilikda izlanishlar, yangiliklarni qo‘llab-quvvatlagan fermerlar ilmiy yondashuvlar asosida yuqori hosil olish asnosida, texnika kuchidan ham unumli foydalanishdi. E’tirof etish darkor, 600 dan ziyod fermerlar shartnomaviy rejani ortig‘i bilan uddalab, katta xirmonga ulkan hissa qo‘shdilar. Ilg‘or fermerlar 70-80 sentnerga yetkazib, hosil ko‘tardilar. Mingbuloq tumanidagi “Fayzimuhammad ota Ch”, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Komilov Tursunboy”, Pop tumanidagi “Iqbol Samandar”, Chust tumanidagi “Beknur” fermer xo‘jaliklari ana shular jumlasidan.
[gallery-25941]
Ayniqsa, Mingbuloq, Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlari zarshunoslari yig‘im-terimda peshqadamlik qilib, yillik shartnoma rejalarini ilg‘orlar qatorida ado etdilar. Terim sur’atini oshirish maqsadida tegishli mas’ullar, faxriy oqsoqollar bilan birgalikda joylarda targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilgani ham o‘z natijasini berdi. Terim otryadlariga 121 mingdan ziyod terimchilar jalb etildi. E’tiborlisi, o‘z ixtiyori bilan qishloq xo‘jaligi yumushiga qo‘shilgan o‘nlab kishilar mavsum davomida oilaviy tarzda mo‘may daromad manbaiga ham ega bo‘ldi.
Viloyatda reja ado etilgan bo‘lsa-da, dalalarda ish qizg‘in. Shu bilan bir qatorda, kelasi yil hosiliga puxta zamin hozirlashga ham e’tibor qaratilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.