Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbus doirasida mahallalarda fuqarolarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratib berish, bu orqali aholi sog‘lomligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazish kabi vazifalar belgilangan.
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi Farovon mahallasida yoshlar yetakchisining sa’y-harakati bilan mahalladagi uyushgan va uyushmagan yosh o‘g‘il-qizlar o‘rtasida sportning boks, erkin kurash, mini-futbol turlari bo‘yicha tashkillashtirilgan musobaqalar ayni shu ezgu maqsadga qaratildi.
Uchqo‘rg‘on Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab internati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat va tuman bo‘limlari hamkorligidagi “Yoz – o‘tmoqda soz” shiori ostidagi sport musobaqasi qizg‘in kurashlar ostida o‘tdi. Murosasiz bahslar viloyatda boks, kurash va futbol ommalashayotgani, xususan, qizlar o‘rtasida sport bilan shug‘ullanuvchilar safi kengayayotganini ko‘rsatdi.

– Ikki yildan buyon boks bilan shug‘ullanib kelmoqdaman, – deydi charm qo‘lqop ustasi Ruxshona Erkinboyeva. – Uydagilar meni bu borada yaqindan qo‘llab kelishayotgani, ustoz murabbiylarim ko‘magida o‘z ustimda tinimsiz izlanishlarim samara berganidan xursandman. O‘tgan yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida faxrli ikkinchi o‘rin va kumush medalini oldim, joriy yilda esa viloyatimizning Norin tumanida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston sportchilari ishtirokidagi xalqaro turnirda chempionlikni qo‘lga kiritdim.
Sport musobaqasi yakunida g‘olib chiqqan sportchi yoshlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi va homiy tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA