Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik jurnalistlar tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi (+video)
17:32 / 2023-12-31

Ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga muruvvat ko‘rsatish xalqimizning azaliy fazilatlaridan biridir. Yangi yil bayrami shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda bu qadriyatlarimiz yorqin namoyon bo‘lmoqda.

O‘tgan yili Yangi yil arafasida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov taklifi bilan jurnalistlar, axborot xizmatlari rahbarlari va blogerlar tomonidan kam ta’minlangan, moddiy va ma’naviy ko‘makka tashna oilalar ro‘yxati shakllantirilib, ularga bayram sovg‘alari taqdim etilgandi.

Mazkur xayrli tashabbus an’ana tusini olib, joriy yilda ommaviy axborot vositalari xodimlari tuzgan ro‘yxat asosida 250ga yaqin ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi va yetim bolalari bo‘lgan oilalar vakillariga bayram sovg‘alari ulashildi. Ular orasida 10 nafar faxriy jurnalistning ham borligi tahsinga loyiq.  

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida bolajonlar uchun Qorbobo va Qorqiz, ertak qahramonlari ishtirokida konsert dasturi uyushtirildi. Viloyat sektor rahbarlari tomonidan ijtimoiy daftarlarda turgan fuqarolarga mo‘ljallangan fond hisobidan moliyalashtirilgan 18 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, kichkintoylarga mo‘ljallangan issiq kiyimlar va Yangi yil tuhfalari taqdim qilindi.

– Oramizda chindan ham ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar bor, ammo ular oriyati sababli ro‘zg‘oridagi muammoni aytishavermaydi,– dedi viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Bunday toifadagilar haqida esa doim odamlar orasida yuruvchi ijodkorlar yaxshi xabardor. Shu boisdan ham an’anamizga sodiq tarzda OAV vakillarining fikrini inobatga olib, xayriya tadbirini o‘tkazdik. O‘ylaymizki, bu har tomonlama adolatli.

Darvoqe, betobligi yoki jismoniy imkoniyati cheklangani sababli tadbirga kelolmagan o‘ksik dillar ham yo‘qlovdan bebahra qolishmadi. Jurnalist va ijtimoiy tarmoq faollari sovg‘alarni o‘z egalari manzillariga yetkazdi.

[gallery-15295]

– Taqdir taqozosiga ko‘ra, boshimdan juda ko‘p qiyinchilik va sinovlarni o‘tkazdim. Bundan to‘rt yil avval yolg‘iz farzandim 36 yoshida vafot etdi. Uyimda bir o‘zim yashashimga to‘g‘ri keldi, – deydi  Namangan shahridagi Ibrat mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Dilyara Sirojiddinova. – Ammo davlatimiz, mahalladoshlarimiz aslo yolg‘izlatib qo‘yishgani yo‘q. Doimiy ravishda holimdan xabar olib, yo‘qlab turishibdi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbirlik punkti taklifi asosida viloyat hokimi tomonidan bayram oldidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatilganidan bag‘oyat minnatdorman.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),

O‘zA muxbirlari