Namangan viloyati qo‘g‘irchoq teatrining ijodiy jamoasi ko‘hna va boqiy Buxorodagi viloyat qo‘g‘irchoq teatrida ijodiy safarda bo‘ldi.
Namanganlik ijodkorlar “Karvonsaroy” spektakli orqali o‘zining betakror, unutilmas chiqishlari bilan buxorolik bolajonlarni xursand qilib, xush kayfiyat ulashdi.

Buyuk ipak yo‘li miloddan avvalgi II asrdan boshlab, Xitoy va Markaziy Osiyo hududlari o‘rtasida barpo etilib, savdo, ijtimoiy aloqalar karvonlar orqali amalga oshirilgan. Karvonlar uchun dam oladigan, tunaydigan maskanlar qurilib, ular Karvonsaroy deb atalgan. Ularda sayyohlarga mahalliy aholi madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatgan. Madaniy xizmatning asosini qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari tashkil etgan.

Rus yozuvchisi Irina Lukyanovaning “Karvonsaroy” asarida qo‘g‘irchoq teatrining asosi va tarixi haqida hikoya qilinadi. Asar voqealari qo‘g‘irchoq teatrining nafis turi “Chodir jamol” atrofida bo‘lib o‘tadiki, Abdurayim qurumsoq, Kachal povon, Bichixon, Korfarmon, Badihago‘y singari hazil va hajvga yo‘g‘rilgan qiziqchilar obrazi tomoshabinlar e’tiborini tortadi. Asarning ahamiyatga molik jihati shundaki, qo‘g‘irchoq teatri aktyorlarining mahoratini oshirishga juda qulay “Chodir jamol” tasviridir. “Chodir jamol” tanlangan sahna bo‘lib, u aktyorning bir vaqtning o‘zida ikki personajni jonlantirishiga imkon beradi.

Namangan viloyati qo‘g‘irchoq teatrida Fathulla Xo‘jayev badiiy rahbarlik qilgan spektaklni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Musinov sahnalashtirgan. Sadriddin Ismonov, Bunyodbek Abdug‘afforov, Qahramon Davlatov, Luqmonjon Tursunboyev, Saida Bekmirzayeva, Zarnigor Olimjonova kabi aktyor-aktrisalarning ijro mahorati tomoshabinlarning davomli olqishiga sazovor bo‘ldi.
- Mazkur safar teatrlar o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni kengaytirish va yosh ijodkorlarning mahoratini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, teatr san’atini rivojlantirish, tajriba almashish va yangi g‘oyalarni amaliyotda qo‘llash uchun muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatri direktori Gulnora Husenova.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.