French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik fidoyi ijodkorlar sharaflandi
00:47 / 2025-06-28

Yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan ulug‘vor islohotlar mohiyatini xalqimizga yetkazish, jamiyat rivoji yo‘lida to‘siq bo‘layotgan dolzarb muammolarni baralla ko‘tarish va ularning hal etilishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos.

Hozirgi kunda Namanganda olmishdan ziyod ommaviy axborot vositasi, shu jumladan, 35 gazeta-jurnal, 22 rasmiy OAV maqomidagi internet veb-sayt ham viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi qaynoq jarayonlarni yoritishda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatib kelmoqda.

Bugun viloyat markazidagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Respublika media tuzilmalarining viloyatdagi muxbirlari, viloyat, shahar, tuman hokimliklarining gazetalari muharrirlari hamda axborot xizmatlari rahbarlari, Namangan teleradiokanali, internet saytlari, matbaa korxonalari va nashriyotlar vakillari, blogerlar ishtirokidagi tadbir avvalida Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov Prezidentimizning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigini o‘qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbarining soha fidoyilarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeniga munosib ko‘rilgan To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligining “Davr” gazetasi muharriri Zohida Kenjayevaning uzoq yillar davomida amalga oshirgan fidokorona mehnatlari e’tirof etildi.

Shuningdek, so‘nggi yillardagi bunyodkorlik ishlari, turizm, madaniyat, sport, tibbiyot va ta’lim sohalaridagi ijobiy o‘zgarishlar, ayniqsa, ayni kunlarda bo‘lib o‘tayotgan 64-Xalqaro “Gullar festivali” jarayonlarini qiziqarli videokontent shaklida faol yoritayotgan “Bizning Namangan” va “Manzil” loyihalari ijodkorlariga minnatdorlik izhor qilindi.

[gallery-24086]

Bayram dasturxoni atrofida o‘tgan tantanali marosimda media sohasida ko‘p yillik samaralari mehnatlari bilan yosh avlodga chinakam ibrat namunasini ko‘rsatgan faxriy ustoz jurnalistlar, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligi bilan ajralib turgan iqtidorli jurnalistlar viloyat hokimligi tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Gazetachilikka 40 yildan ziyod vaqt sarfladim, 25 yilga yaqin “Namangan sadosi” nashriga muharrirlik qildim. Quvonarlisi, o‘g‘lim Xurshid Fayziyev ham kasbimni davom ettirib, hozirda “Namangan haqiqati” gazetasi tahririyatida bosh muharrir lavozimida ish olib bormoqda. Bugungi kunda shogirdlarim orasida respublikamizning markaziy va yetakchi ommaviy axborot vositalarida muxbirlik qilayotganlari borligidan ham sevinaman, – deydi mehnat faxriysi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Komiljon Fayziyev. – Bugun esa Namangan davlat universitetida ochilgan jurnalistika yo‘nalishida yosh kadrlarni yetishtirish borasida faoliyat yurityapman. Kamtarona mehnatlarim qadrlanib, taqdirlashganidan bag‘oyat minnatdorman. 

Bayram tadbirida viloyat san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.