English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik fermerlar Xitoyda tajriba almashmoqda
21:19 / 2026-02-06

Qishloq xo‘jaligida xalqaro tajriba va bilim almashinuvi sohani tubdan rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni kunlarda O‘zbekiston Fermerlari kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Komiljon Sobirov boshchiligida Namangan viloyatining ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan iborat delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida tajriba almashmoqda.

Delegatsiya vakillari dastavval Xitoyning Shinjon hududida joylashgan “Boshiran” kompaniyasiga nazariy-amaliy o‘quv safarini amalga oshirdi. Ushbu tashrif doirasida delegatsiya a’zolari kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘quv-malakaviy dasturlarida ishtirok etdi.

Qayd etish joiz, delegatsiya tarkibida aksiyadorlik tijorat “Agrobank” Namangan viloyati boshqarmasi va Namangan viloyati Fermerlari kengashi mutasaddilari hamda vodiy hududlarida salohiyati, tajribasi va moddiy-texnik bazasi bilan o‘z o‘ringa ega bo‘lgan Namangan tumanidagi “Oltin zamin iftixori”, Mingbuloq tumanidagi “Mingbuloq yuksalishi”, Uychi tumanidagi “Ikromboy ota hosili”, Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Istiqbolli tegirmon”, Chortoq tumanidagi “Koroskon oltin diyor”, Chust tumanidagi “Ali qori” kabi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bor. Ular o‘z xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish, dehqonchilik ilmini bugungi kun talabi bilan uyg‘unlikda olib borayotgani natijasida paxta va g‘allachilikda yuqori hosildorlikka erishmoqda.

Mazkur o‘quv darslari davomida fermerlar paxta terish mashinalari (kombaynlar), purkagichlar, ekish agregatlari hamda qishloq xo‘jaligi uchun yuqori texnologiyali texnikalardan foydalanish, servis va texnik xususiyatlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.