Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik faxriylarga Prezident sovg‘alari topshirildi
16:45 / 2023-05-08

FOTOREPORTAJ

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida viloyat sektorlar, mudofaa va xavfsizlik tizimlari rahbarlari va jamoatchilik vakillari viloyatda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini yo‘qladi.

bugungi kunda Namangan viloyatida 7 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi umrguzaronlik qilmoqda. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga hissa qo‘shgan yurt fidoyilari doimiy e’tiborda.

Namangan shahar Ma’rifat mahallasida yashovchi Nikolay Borisov 1924 yilda tug‘ilgan. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan otaxon frontdan qaytgach, boshqaruv sohasida uzoq yillar xizmat qilgan.

Viloyat hokimi otaxonning Vatanga sadoqati, samarali mehnati, yoshlarga o‘rnak bo‘lgan hayot yo‘lini e’tirof etib, davlatimiz rahbari yo‘llagan tabrikni o‘qib eshittirdi, pul mukofoti va sovg‘alarni topshirdi.  

Yangi Namangan tumanida istiqomat qiluvchi Galina Bolochenkovaning yoshlik kezlari ham ayni jang yillariga to‘g‘ri keldi. U urush davridagi ocharchiligu, suronli kunlar va o‘tmishning mashaqqatlarini eslab, bugungi farovon kunlarga shukronalik keltiradi.  

Viloyat rahbari Galina Bolochenkovaga Prezidentimiz nomidan 18 million so‘m pul mukofoti va sovg‘alarni topshirar ekan, onaxonning bosib o‘tgan yo‘li, hayotiy tajribasi yoshlarga ibrat ekanini alohida ta’kidladi.

Keyingi manzil Yangiqo‘rg‘on tumani Iskovot qishlog‘ilik Topildi Madrahimov xonadoni bo‘ldi. 18 yoshli navqiron yigit urushga ketib, bir yildan so‘ng bir oyog‘idan ikki marotaba yaralangan holda ikki tayoqda yurtiga qaytadi. Urushning mash’um xotiralari uning hayotida iz qoldirmay qo‘ymadi.  

Topildi ota viloyat rahbaridan Prezidentimiz sovg‘alarini qabul qilib olar ekan, yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorchilik izhor etdi.  

Yangiqo‘rg‘on tumani Poromon qishlog‘ilik Muhammadibrohim Inomov urushning bor dahshati o‘z boshidan o‘tkazib, mashaqqatli, olovli yo‘llarni bosib o‘tdi. Norg‘ul yigitga chaqiruv qog‘ozi kelganida u 19 yoshda edi. Bugun 101 yoshni qarshi olgan ota farzandlari, nabiralari, evarayu chevaralari bag‘rida shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga shukronalar aytib, umrguzaronlik qilmoqda.

Muhammadibrohim ota ham mehmonlarning tashrifidan boshi ko‘kka yetdi. Prezidentimizning tabrigi va sovg‘a-salomlarni mamnuniyat ila qabul qilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duoga qo‘l ochdi.

To‘raqo‘rg‘on tumanida umrguzaronlik qilayotgan Ikromjon Umrzoqov 1942 yilda, ya’ni, 18 yoshida urushga ketib, Ukraina, Stalingrad, Odessa shaharlarini ozod qilishda mardlik va jasorat ko‘rsatgan. Ko‘ksilaridagi orden-medallar ana shu zahmatli kurashlar ifodasidir.  

[gallery-11778]

Viloyat rahbari Ikromjon otaga ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va sovg‘alar, 18 million so‘m pul mukofoti, “Nuroniy” jamoatchilik kengashining tuhfasini topshirdi.  

Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA