FOTOREPORTAJ
Namangan shahrida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy ta’lim maskanlari, sport inshootlari va madaniy markazlar barpo etish ishlari izchil davom etmoqda.
[gallery-24119]
Namangan shahar hokimligida 2024-2025 o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlagan, kelajak sari ishonch bilan qadam qo‘yayotgan bitiruvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev umumta’lim maktabini yuksak natijalar bilan tamomlagan yigit-qizlarga, ustoz-murabbiylarga, ota-onalarga samimiy dil so‘zlarini bildirdi. Yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, to‘g‘ri tarbiyalash, zararli ta’sirlardan asrash dolzarb masalalardan ekanini ta’kidlab, yozgi ta’tilda ularni oromgohlar va foydali mashg‘ulotlarga jalb etish, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va san’at kechalarini tashkil etish bo‘yicha vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lumot uchun. Namangan shahridagi 53 ta umumta’lim maktabida 76 ming 108 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Joriy o‘quv yilida ularni 5 ming 257 nafar o‘g‘il-qiz tamomladi. Bitiruvchilarning 315 nafari chet tillarni bilish darajasidagi (IELTS) sertifikatga ega bo‘lib, ulardan 440 nafari muddatidan oldin talabalik sharafiga muyassar bo‘ldi, 67 nafari nufuzli xorij o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA