Xalqimizga xos bolajonlik va yuksak insonparvarlik ifodasi sifatida har yili butun mamlakatimiz bo‘ylab “Prezident archasi” tantanalarini o‘tkazish, unda bolajonlarga “Prezident sovg‘asi”ni topshirish ezgu an’anaga aylangan.
Joriy yil Yangi yil ayyomi arafasida yurtimiz miqyosida 11 ming bolaga davlatimiz rahbarining bayram tuhfalari yetkaziladi. Respublikamizning barcha hududlariga bo‘lgani kabi, Namangan viloyatiga ham “Prezident sovg‘asi” yetib keldi.
– Ayni paytda viloyatda “Prezident archasi” tantanasini yuksak ko‘tarinkilik bilan o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Asosiy bayram tadbiri viloyat musiqali drama teatri binosida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, – deydi Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Oybek Zokirov. – Respublika idoralaridan biriktirilgan vakillar, mahalliy hokimliklar va keng jamoatchilik ishtirokida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, quvnoq she’r-qo‘shiqlar, betakror raqslar bilan jo‘shqin o‘tadigan “Prezident archasi” tantanasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 275 nafar bola “Prezident sovg‘asi” bilan taqdirlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri