Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganlik 102 yoshli Qunduzxon momo saylovda ovoz berdi
18:23 / 2021-10-24

Barcha yurtdoshlarimiz qatori Namangan viloyatining Namangan tumanidagi Qumqo‘rg‘on mahallasi aholisi ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etmoqda.

Xususan, 3-sonli umumta’lim maktabi binosida joylashgan 300-saylov uchastkasi kunning ikkinchi yarmida ham saylovchilar bilan gavjum bo‘ldi. Shu mahallada yashovchi Qunduzxon momo Roziqova bu yil 102 yoshni qarshi oldi. Ko‘p yillar qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilib, bugun keksalik gashtini surayotgan piru-badavlat onaxonning atrofida 45 nafar nabira, 90 nafardan ortiq evaralar parvona. Tabarruk yoshdagi momoning o‘rtancha o‘g‘li Husanboy otaning ham yoshi 70 dan oshgan.

Qunduzxon aya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida o‘zi tanlagan nomzod uchun ovoz berdi. Buning uchun 300-uchastka saylov komissiyasi a’zolari ko‘chma quti bilan yoshi ulug‘ saylovchi istiqomat qilayotgan xonadonga tashrif buyurdi.

Albatta, 102 yoshda ertangi kun taqdiri, Vatan taraqqiyoti uchun daxldorlik hissini tuyib, o‘z fuqarolik huquqidan unumli foydalanayotgan Qunduzxon aya kabi nuroniylar nafaqat xonadonlarimiz, balki el-yurtimiz fayzi, duogo‘ylarimiz sanaladi. Ularning faolligi saylov jarayonida barchaga namunadir.

 

Sanjarbek Hamidov,

Prezident saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug

saylov komissiyasi matbuot markazi xodimi.

O‘zA