Namangandan 141 nafar fuqaro Kosmodrom atrofidagi qurilish ob’ektlarida ishlash uchun jo‘nab ketdi
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Rossiya Federatsiyasining “Povoljskoye Stroitelnoye Predpriyatiye” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvi asosida Agentlikning mintaqaviy filiallarida qurilish sohasida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirokida tanlov o‘tkazilgan edi.
Namangan viloyatida ushbu tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, tibbiy ko‘rik natijalari ijobiy chiqqan 141 nafar fuqaro Namangan xalqaro aeroportidan Rossiyaning Amur viloyatida Kosmodrom atrofidagi qurilish ob’ektlarida ishlash uchun jo‘nab ketdi.
Tadbirda Agentlikning Namangan viloyati filiali mas’ul xodimlari tomonidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilib, sohalarga oid buklet, tarqatma materiallar berildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu fuqarolarni karantin manziliga joylashtirish, ro‘yxatga olish, ishlash huquqini beruvchi patent, 3 mahal ovqat, yotoqxona, maxsus kiyim xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi.