Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangandagi yangi tumanda “Kovorking zona” va “IT-school” o‘quv markazi ochildi
17:12 / 2021-06-16

Namangan viloyatining Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasida “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” — “IT-Park Uzbekistan” boshqaruvidagi “Kovorking zona” va “IT-school” o‘quv markazining filiali faoliyat boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusi hamda 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida yurtimizda “Bir million dasturchi” loyihasi keng ko‘lamda olib borilmoqda. Xususan, Namangan tajribasi sifatida viloyatda 12 ta “IT-Park” boshqaruvidagi “IT-School” o‘quv markazlari tashkil etilgan bo‘lib, hozirda ko‘plab loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

 bugungi kunda yoshlarning axborot texnologiyalari sohasiga qiziqishi yuqoriligi, ehtiyojning tobora oshib borayotgani bu borada yoshlarga yetarli shart-sharoit yaratib berishni taqozo etmoqda.  

Ayni shu maqsadda, Namangan viloyati hokimligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida imzolangan qo‘shma qarorga asosan, Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasida “Kovorking zona” hamda “IT-school” o‘quv markazining Davlatobod tumani filiali tashkil etildi.

 Hozirgi kunda viloyatning barcha shahar va tumanlarida faoliyat olib borayotgan “IT-school” o‘quv markazlarida 2 mingdan ziyod yosh tahsil olayotgan bo‘lsa, yangi markazning ochilishi hisobiga ular soni 2 ming 500 nafardan oshishi kutilmoqda.  

 Taqdimotda o‘quv markazlarda yiliga 10 ming 800 nafar o‘g‘il-qiz o‘qitilib, “IT-Park” sertifikatini olishi hamda dasturlash kurslarini muvaffaqiyatli o‘tagan yoshlarni “IT-Park”ga berilgan imtiyozlarni ko‘llash orqali “IT-Park” Namangan filialiga frilanser va rezident sifatida o‘tkazilib, ularga buyurtmalar shakllantirilishiga yaqindan ko‘mak berilishi ta’kidlandi.  

Yoshlarning ta’lim jarayonidan so‘ng mablag‘ topishlarini tashkil etish maqsadida “Kovorking zona” faoliyatini samarali olib borish uchun “IT-Park Uzbekistan”ning viloyatdagi 2 ta rezident kompaniyasi joylashtirildi. Xususan, “Start-rise” va “United club” tomonidan yoshlarni frilanserlik faoliyati bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish, loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, tayyor dasturiy mahsulotlar namoyish etildi.

 Tadbir qatnashchilariga, “IT-Park” Namangan filiali frilanserlari tomonidan tayyorlangan onlayn murojaatlar uchun “Smart-qabulxona”, viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun “Welcome to Namangan”, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga mo‘ljallangan “Biometrik elektron davomat” onlayn platformalari va “Start-rise” kompaniyasining “Face Emotion Recognize” loyihalari taqdimoti bo‘ldi.  

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA