French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangandagi sayyor qabulda ikki yuzdan ziyod murojaat ko‘rib chiqildi
10:49 / 2021-08-11

Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak.

Ushbu ezgu g‘oya barcha darajadagi rahbarlarning ish faoliyatida ustuvorlik kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 23 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha bir qator topshiriqlar belgilab berilgandi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan Norin tumanidagi "Buloqmozor" ziyoratgohida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabul davomida ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Unda viloyat hokimi bilan bir qatorda viloyat boshqarmalari, tashkilotlar va korxonalar, huquqni muhofaza qilish va sud idoralari, bank rahbarlari ham aholi murojaatlarini tingladi.

Olti soatgacha cho‘zilgan qabulda nafaqat Norin, Uychi va Uchqo‘rg‘on tumanlari, balki viloyatning turli hududlaridan kelgan ikki yuzga yaqin fuqaro uy-joy, kredit, aliment, bog‘cha qurish, oilaviy nizolarni hal etishga ko‘maklashish, kadastr, investitsiya kabi yo‘nalishlarda ikki yuzdan ortiq murojaat tinglandi.

– Turkiyaga borib, ma’lum muddat savdo-sotiq bilan shug‘ullandim. Ammo biznesim kasodga uchrab, ortga qaytishga majbur bo‘ldim, – deydi Namangan shahridagi Boburshoh mahallasida yashovchi birinchi guruh nogironi Abduvahob Bo‘taboyev. – Uyimiz yonidagi 2 sotixli bo‘sh yerda xorijiy tillarni o‘rgatuvchi o‘quv markaz qurish uchun kredit ajratilishiga yordam so‘radim. Agar, 30 million moliyaviy madad berilsa, tadbirkorlik faoliyatimni yana tiklab olardim.

Tegishli mutasaddilarga topshiriq berilib, bu fuqaroga zarur yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Norin tumanidagi Haqqulobod shaharchasida istiqomat qiluvchi Xusnuobot Umarova to‘quv-yigiruv fabrikasida ma’lum muddatgacha ishladi. Ammo buqoq xastaligiga chalinganligi sababli nogironlik guruhiga o‘tkazilgan. Ayni paytda salomatligini mustahkamlash maqsadida sanatoriyda muolaja olishi zarur. Mazkur masala viloyat bandlik boshqarmasi tomonidan nazoratga olindi. Bemor ayolga bu borada amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Ushbu tumandagi Tegirmonboshi mahallasida yashovchi fuqaro Zuhriddin Yo‘ldoshev aholiga yuk va tovarlarni eltish xizmatini ko‘rsatish uchun mototsikl xarid qilish masalasida amaliy ko‘mak so‘radi. Unga 28 million so‘m qiymatdagi ushbu texnikani xarid qilish maqsadida bank kreditidan foydalanish mumkinligi tushuntirildi. Xohish bildirsa, unga Xalq banki Norin filiali tomonidan zarur yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatildi.

Sayyor qabulda nafaqat shaxsiy murojaatlar, balki bolajonlarning ertangi kuni bilan bog‘liq muhim masalalar ham o‘rtaga tashlandi. Mehnat faxriysi O‘g‘ilxon Boltaboyevaga ko‘ra, u istiqomat qilayotgan “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish zarur. Mavjud bittagina oilaviy bog‘cha esa hudud qamrovini to‘laqonli qondira olmaydi. Boisi, mahallada bog‘chaga jalb etilishi kerak bo‘lgan 3-7 yoshdagi 217 nafar bola bor. Qo‘rg‘onchada oldin faoliyat yuritgan, dala shiyponiga moslangan 49-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi avariya holatiga tushgani sababli 2020 yil oktyabr oyida ish faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Viloyat rahbari mazkur murojaat o‘rinli va dolzarb ekanligini ta’kidlab, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasiga mahallada davlat tasarrufidagi yangi bolalar bog‘chasini qurish bo‘yicha taklif ishlab chiqish va uni Maktabgacha ta’lim vazirligiga kiritish vazifasini qo‘ydi.

Yurtimizda boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar davlatimizning doimiy diqqat e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Xususan, uy-joyga ehtiyojmand oilalar vakillari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga maxsus jamg‘arma orqali ko‘pqavatli uylardan xonadonlar ajratilib, ularga xonadonlarning boshlang‘ich to‘lovlari to‘lab berilmoqda. Boquvchsini yo‘qotgan, uch nafar voyaga yetmagan farzandning onasi Dilnoza Nazarova Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” massividan joriy yil boshidan ikki xonali uyga ega bo‘ldi.

– Bizga ajratilgan xonadonning boshlang‘ich badali Ayollar jamg‘armasi tomonidan to‘lab berildi, – deydi Dilnoza Nazarova. – Yangi uyning qolgan to‘lovlarini 20 yil davomida oyma-oy amalga oshirishim kerakligi tushuntirilib, hujjatlari rasmiylashtirildi. Shunga muvofiq, dastlab 1 million 450 ming so‘m pul to‘lagan bo‘lsam, keyingi oylarda bu summa oshib ketdi. Hozirga kelib, oylik to‘lov miqdori 2,5 million so‘mga chiqdi. Yil oxiriga borib, 3 million so‘mdan to‘lashga to‘g‘ri keladi. So‘nggi ikki oyda to‘lovlar miqdori oshganligi sababli kredit pulini hisob-kitob qilolmadim. Viloyat rahbari murojaatim nazoratga olinishini aytdi. Endigi bor umidim oylik kredit to‘lovlari miqdorini kundalik turmush ehtiyojlarimizdan kelib chiqqan holda belgilab berilishidan. Avvalo, uyli bo‘lganimdan xursandman. Lekin, zimmadagi qarzni ham ado etish kerak. Biroq oylik to‘lovlar bank tomonidan qimmat miqdorda belgilangani muammo bo‘layapti.

Sayyor qabulda har bir murojaat tegishliligi bo‘yicha viloyat va tuman mutasaddilari ishtirokida yechilib, vaqt talab etadigan yoki Respublika miqyosida hal etiladigan muammolar bo‘yicha tushunchalar berildi. Fuqarolarning murojaatlari yuzasidan barcha mas’ul mutasaddilarga muammolarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlarni so‘zsiz, o‘z muddatida bajarishni va hisobotini berish talabi qo‘yildi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aholi tomonidan davlat idoralariga va sayyor qabullar, ochiq muloqotlarda 51 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Shundan hozirga qadar 70 foizdan ziyod muammoli masalalar ijobiy yechim topdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA