Ta’til – 2021
Yurtimizda joriy o‘quv yilini yakunlagan maktab o‘quvchilarining yozgi ta’til kunlarini mazmunli va maroqli tashkil etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Ishchi guruhi hamda viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi sa’y-harakati bilan korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarining 1 ming 350 nafardan ortiq farzandlari viloyatdagi mavjud sakkizta bolalar yozgi oromgohiga yuborildi. Mavsum yakuniga qadar tashkil etiladigan to‘rtta guruhda jami 7-14 yoshdagi 5 ming 400 nafar o‘g‘il-qiz oromgohlarga qamrab olinishi kutilmoqda.

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Mamay mahallasi hududida joylashgan “Kamalak” va Zarkent mahallasidagi “Lola”, Uychi tumani Soku mahallasidagi “Uychi Umid nihollari”, Kosonsoy tumani Olmazor massividagi “Olmazor” va “Sohil”, Norin tumani Yettiqashqa qishlog‘idagi “Norin”, Pop tumani Chodak qishlog‘idagi “Oftobcha” hamda Chust tumani Og‘asaroy mahallasidagi “Barkamol avlod” dam olish maskanlari 12 kun davomida bolajonlar ixtiyorida bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Namangan shahridagi 26-sonli “Mehribonlik uyi”da bo‘lib, bolajonlarga yil davomida qulay shart-sharoitlarni yaratish, ularning qiziqishlari va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar yuklatilgan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Mehribonlik uyi”ning 44 nafar tarbiyalanuvchisi yozgi ta’tilni Yangiqo‘rg‘on tumanining tog‘li hududlariga tutash manzilda joylashgan “Kamalak” yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tkazadigan bo‘ldi.
Yozgi ta’til kunlarini yuqori saviyada tashkil etishda eng avvalo, bolajonlarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar hamda Milliy gvardiya boshqarmalaridan xodimlar oromgohlarga biriktirildi. Mavsum boshlanishidan avval oromgohlarga biriktirilgan barcha ishchi-xodimlardan “Covid-19” infeksiyasini aniqlash uchun test olindi.
Viloyat sanitariya epidemiologiya va jamoat salomatligi boshqarmasi xodimlari esa oromgohlarda karantin talablariga rioya etilishini nazorat qilib boradi. Ya’ni, har bir bola va xodim o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishni tashkil etib, oromgoh hududiga kirish-chiqish joylari tegishli mutaxassislar va antiseptik vositalar bilan ta’minlanadi. Har bir bola va xodimning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda ushbu oromgohlarga kiritmaslik choralari ko‘riladi.
Ta’kidlash joizki, har 12 kun davomida oromgohlarda o‘quvchi bilan ishlashni samarali tashkil etishda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Beshta muhim tashabbusda belgilangan madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish kabi qiziqarli loyihalar amalga oshiriladi.
Birinchi galda, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha o‘ndan ortiq to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida mavjud oromgohlarning har biri 3 mingdan ziyod badiiy kitoblar bilan ta’minlandi. Qolaversa, bolajonlarni tabiatning so‘lim joylarida maroqli hordiq chiqarishlari, yozgi mavsumga mos ovqatlanishlari uchun barcha zarur sharoitlar hozirlangan. Shuningdek, oromgohda tarbiyachi-muallimlarning ko‘ngilochar mashg‘ulotlaridan tashqari turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlari ham o‘tkaziladi.
Dam olish maskanlarida bolajonlar o‘rtasida turli sport musobaqalari, ayniqsa, yozgi ta’til kunlarini zavqli o‘tishida muhim o‘rin tutuvchi musobaqa va mashg‘ulotlarni muntazam tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA