Namangan shahrining Davlatobod tumanida joylashgan Prezident maktabining ilk bitiruvchilari uchun tashkillangan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri chinakamiga bayramona ruhda o‘tkazildi.
Tantanali so‘z olgan Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov unutilmas kun bilan baxtiyor yoshlarni, ularning ota-onalarini chin dildan tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etdi.
Mazkur zamonaviy ta’lim dargohiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 28 ferval – 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida bildirilgan taklif asosida tamal toshi qo‘yilib, o‘sha yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilgandi. Ta’lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali iqtidorli yoshlarni tarbiyalash va o‘qitish, rag‘batlantirish hamda kelajakda iste’dod egalarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan Prezident maktabida ko‘pchilikning hayratu havasini keltiridigan darajada qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Zamonaviy loyiha asosida 80 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga barpo etilgan maktab binosi 168 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, undagi ikki qavatli o‘quv binosi, oshxona, uch qavatli yotoqxona, xorijlik o‘qituvchilar uchun 15 o‘rinli mehmonxonada zarur imkoniyatlar yo‘lga qo‘yildi. Innovatsion yondashuv asosida barpo etilgan sport zali va suzish havzasi jismoniy chiniqishda, o‘quv xonalaridagi interaktiv doska va tablolar, kompyuter jamlanmalari kabi texnik jihozlar Prezident maktabi jamoasi oldiga qo‘yilgan rejalarni amalga oshirishga katta turtki bermoqda.
Maktabda ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha Kembrij universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlari AQSH, Buyuk Britaniya, Yangi Zellandiya, Filippin kabi davlatlardan kelgan 8 nafar xorijiy hamda 21 nafar mahalliy o‘qituvchi tomonidan olib borildi. Yuqori malakali dars mashg‘ulotlari “STEAM” yondashuviga tayanildi. Joriy yil avvalida Namangan shahridagi Prezident maktabi Kembridj xaqlaro maktabi maqomiga ega bo‘ldi.
Quvonarlisi shundaki, davlatimiz rahbarining 2020 yil 2020 yil 25 dekabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Yoshlari forumidagi so‘zlagan Namangan shahridagi Prezident maktabining ikki nafar 11-sinf o‘quvchisi Mironshoh Azimjonov va Azimjon Alijonovlarning yutuqlari alohida e’tirof etilgandi. Bu iqtidor sohiblari hali maktabni tamomlamay turib, nutqida AQSH, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi oliygohlardan birdaniga uch-to‘rttasiga o‘z hisobidan ta’lim olish huquqiga ega bo‘lishdi.
- Yakuniga yetgan o‘quv yili Prezident maktabi bitiruvchilarining salmoqli muvaffaqiyatlariga boy bo‘ldi. Ilk qaldirg‘ochlar mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalaridan tashqari, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Qatar, Buyuk Britaniya kabi jahonning yetakchi universitet va institutlarida grant asosida tahsil olish baxtiga erishdilar, - deydi Namangan shahridagi Prezident maktabi direktori, texnika fanlari doktori Abdurasul Pirnazarov. – Bitiruvchilar dunyo reytingida yuqori “Top-300”talik o‘rinlarda turuvchi Manchester, Bristol, Penn, Purdue Pensilvaniya, Baffalo va Arizona kabi universitetlarga qabul qilindi. E’tiborlisi, 24 nafar bitiruvchimizdan 21 nafari “IELTS” va olti nafari “SAT” imtihonlarini topshirib, yuqori natijalarga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari yana uch o‘quvchimiz iyun oyida “IELTS” til bilish darajasini aniqlash testlarini topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Barcha bitiruvchilarimiz 3 million dollar miqdoridagi grant takliflarini oldi.
Prezident maktabi o‘quvchilarning 15 nafari mamlakatimizdagi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘z hisobidan ta’lim olishni davom ettiradi. Shuningdek, 10 nafar o‘quvchi “El-yurt umidi” umid jamg‘armasi davlat grantiga hujjat topshirib, tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etib qaytdilar. Chustlik bitiruvchi Doniyor Erkinov AQSHning Dyuk Kunshan universitetida, norinlik Rahmatulloxon Abdubayev Qatar davlatining Jorjtaun universitetida 100 foizlik grant yutgan holda tahsil olish huquqini qo‘lga kiritdi.
- Bundan ikki yil avval bo‘lib o‘tgan imtihonlarda 7 ming 700 dan ortiq talabgorlar orasida o‘zining bilim va salohiyatini ko‘rsata olgan o‘g‘lim Sarvarbek Azimjonov Prezident maktabi o‘quvchilari safidan joy olgandi. O‘tgan vaqt mobaynida farzandim ko‘rkam va hashamatli o‘quv xonalarida yetuk professor-o‘qituvchilar qo‘l ostida ta’lim olib, bizga rahmat olib berganidan bag‘oyat xursandmiz, - deydi Namangan shahridagi ota-onalardan biri Dilmurod Qodirov. – Ayniqsa, o‘g‘limni Buyuk Britaniyadagi Aberistviz universtitetida tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritgani nafaqat ustozlarini, balki butun oilamizga o‘zgacha xursandchilik keltirdi. Mana, zamonaviy maktabni tamomlaganda hayajonlarim ikki hissa ortdi. Niyatim shulki, farzandlarimiz Yangi O‘zbekistonga munosib poydevor qo‘ya oladigan yuksak salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishsin.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA