Har yili mamlakatimizda yoshlarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, faol kitobxonlar safini kengaytirish orqali aholi, ayniqsa, navqiron avlodning aqliy salohiyatini oshirish, kitobxonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Zukko kitobxon” tanlovi o‘tkazilib kelinadi.
Namangan shahridagi “Yoshlar” markazida viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi hamkorligida uyushtirilgan mazkur tanlovning viloyat hududiy bosqichida 14 ta shahar, tumanning kitobxon jamoalari ishtirok etdi.

– Aholi, ayniqsa, yosh o‘g‘il-qizlar o‘rtasida kitob mutolaasini keng targ‘ib etish va ularda kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish niyatida shu yildan boshlab hududlarda ushbu tanlovni muntazam o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ayni muddao bo‘ldi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Dildora Ahmadjonova. – Bu o‘z navbatida, viloyatimiz mahallalari, chekka va olis go‘shalarigacha kitobxonlar safini oshirish, ertamiz egalarini fikrlash ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Ko‘rikning saralash bosqichlarida 3 ming 250 ga yaqin yoshning qatnashgani fikrimizning yorqin ifodasidir. Tanlovda ishtirokchi jamoalar Abdurauf Fitratning “Jadidlar” to‘plami, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, Lev Tolstoyning “Hojimurod” asarlari asosida tayyorlangan savollarga javob qaytardi. Shu zaylda ularning bilimdonligi baholandi.

“Zukko kitobxon” tanlovining yakunlariga ko‘ra, Namangan shahrining Davlatobod tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 6 million so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni qayd etgan Namangan tumani kitobxonlariga 4 million 200 ming so‘m pul mukofoti taqdim qilindi. Uchinchi o‘ringa loyiq topilgan mingbuloqlik yoshlar 3 million so‘m pul mukofoti bilan siylandi. Qolaversa, tanlovining viloyat bosqichida faol ishtirok etgan jamoalar zukkoligi uchun 300 ming so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/s1gPL-vK9Lw" title="Наманганда зукко китобхонлар сараланди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri