Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda "Ziyokor" olimpiadasining 42 nafar g‘olibi munosib taqdirlandi
07:59 / 2021-05-11

Joriy yilning 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida har yili ilm-fanning bir nechta yo‘nalishi tanlab olinib, alohida e’tibor bilan rivojlantirilayotgani, bu yil fizika va chet tillari ana shunday ustuvor sohalar etib belgilangani ta’kidlandi.

Qolaversa, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xususiy maktablarning kredit foizlari xarajatlarining bir qismi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab berilishi, shuningdek, ijarada turgan o‘quv markazlari ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizgacha qismiga subsidiya ajratilishi hamda davlat mulki ob’ektlarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar ijara to‘lovidan ozod etilishi alohida qayd etildi.

Namangan viloyati ta’lim tizimida bu boradagi sa’y-harakatlar izchil amalga oshirilmoqda. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda “Ziyokor Academy” xususiy korxonasi hamkorligida umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida (ona tili va adabiyot, ingliz tili, tarix, matematika, fizika, kimyo va biologiya) jami 7 ta fan yo‘nalishida o‘tkazilgan fan olimpiadasining taqdirlash marosimi ham ayni e’tiborning amaldagi ifodasidir.

Olimpiadaning tuman-shahar bosqichlarida jami 2 ming 970 o‘g‘il-qiz o‘z bilimini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, bellashuvning viloyat bosqichida 426 nafar bilimdon bahslashdi.

Zukkolar aql bellashuvining so‘nggi bosqichida o‘rinlarni umumta’lim maktablarining 21, davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining ham 21 nafar o‘quvchisi egalladi.

Karantin talabalari asosida tashkil etilgan tantanali taqdirlash marosimida qatnashgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilov yuksak maqsadlar sari dadil intilayotgan, xorijiy tillarda bemalol so‘zlashayotgan iqtidor egalarining muvaffaqiyatli natijalari bundanda salmoqli bo‘lishini tiladi.

Fan olimpiadasining g‘olib ishtirokchilari yakunda munosib taqdirlandi. Bilimdon va zukko o‘quvchilarga kompyuter jamlanmalari, zamonaviy televizor va boshqa qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA