Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda “zagran” pasportni Davlat xizmatlari markazida rasmiylashtirish boshlandi
08:10 / 2022-01-09

Shu yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish muqobil ravishda (ichki ishlar bo‘limlari bilan bir vaqtda) Davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan edi.

Mamlakatimiz fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport berish uchun to‘lov miqdori Bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarini tashkil etadi. Ushbu to‘lov miqdori avval BHMning 1,2 baravari bo‘lgan edi.

Endilikda Namangan viloyati aholisi ham xorijga chiqish biometrik pasportini Namangan shahar davlat xizmatlari markazidan olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish chog‘ida ma’lumotlarni yig‘ish punktiga quyidagi 10 turdagi hujjatlar:

- belgilangan shakldagi ariza-anketa;

- biometrik pasport yoki “ID” karta yoxud 16 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun tug‘ilganlik haqida guvohnoma;

- ilgari berilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (mavjud bo‘lgan taqdirda);
- vakolatli organning qarori (xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);

- protsessual majburlov chorasi bekor qilinganligi haqida tasdiqlangan qaror nusxasi (xorijga chiqish biometrik pasportning amal qilishi sud ajrimi bilan to‘xtatib turilganida);

- harbiy guvohnomaning yoki chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi yoxud mudofaa ishlari bo‘limining belgilangan namunadagi ma’lumotnomasi — harbiy xizmatga majburlar uchun;

- ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning fuqaroning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi — voyaga yetmaganlar uchun;

- fuqaroga hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati — voyaga yetmaganlar uchun.

- 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga kuzatuvchisiz chiqishi mumkin.

Doimiy yashash uchun xorijga chiqishda O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan o‘z ota-onalarining va turmush o‘rtog‘ining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek, agar birgalikdagi nikohdan voyaga yetmagan bolalar bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush o‘rtog‘ining notarial tasdiqlangan roziligi, ular vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan hollarda esa — vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning yoki sudning shaxsni bedarak yo‘qolgan deb e’tirof etish haqidagi qarorining notarial tasdiqlangan nusxasi ma’lumotlarni yig‘ish punktlariga taqdim etiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA