Namangan viloyatining Chust tumanida uzoq muddatga mo‘ljallangan chiqindi poligonining yo‘qligi, mavjudlarining esa joydan-joyga ko‘chirilishi oqibatida yuzaga kelayotgan jiddiy muammolarning oldini olish maqsadida yirik ishlab chiqarish loyihasi boshlandi.
Tumandagi Zarafshon mahallasi hududidan ekosanoat zonasini tashkil etish uchun tanlab olingan 15 gektar yer maydonining 10 gektarida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Everbright Environmental Energy Namangan” xoirijiy korxonasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi investitsiyasi bilan hamkorlikda 150 million dollarni tashkil etuvchi chiqindini yoqish orqali elektr energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.

Zavod qurilishiga tamal toshi qo‘yish tadbirida xorijlik hamkorlar, nuroniylar, viloyat va tuman jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Maqsumovning qayd etishicha, ushbu loyiha ishga tushishi hisobiga 547,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi, 310 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, shundan 254 million kVt soati tarmoqqa uzatiladi. Bu, taxminan 300 ming aholining yillik elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi. Asosiysi shundaki, yangi loyiha natijasida 180 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.


Namangan viloyatida bir kunda o‘rtacha 1 ming 450 tonna, yillik 529,3 ming tonna chiqindi to‘planib, to‘liq qayta ishlash imkoniyati yaratilmoqda. Loyihaning ilk bosqichida oltita tumandan yig‘ilgan chiqindilar To‘raqo‘rg‘ondagi qayta yuklash stansiyasiga keltirilib, saralanadi va yangi zavodga olib kelinadi.


Taqdimotda qatnashgan Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov bu yirik loyiha kelgusida ekologiya va atrof-muhitni yaxshilash, viloyat iqtisodiyotini taraqqiy ettirishga munosib hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.