Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi butun respublika bo‘ylab keng ommalashib, yashillik darajasining oshishiga xizmat qilmoqda.
Mazkur xayrli harakatning 2025 – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”dagi kuzgi mavsumi Namanganda ko‘tarinki ruhda boshlandi.
Davlatobod tumanidagi "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida start berilgan ommaviy tadbir BMT YUNESKO tashkilotining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan 80-assambleyasiga hamohang tarzda tashkil etilgani e’tiborga molik.
Tadbirda Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida viloyat, shahar, tumanlardan kelgan boshqarmalar, korxona, tashkilot va muassasalar jamoalari, jamoatchilik vakillari, nuroniylar, yoshlar hamda faol fuqarolar ishtirok etdilar. Har bir qatnashchi o‘z hududiga biriktirilgan maydonda yaxshi niyatlar bilan daraxt ekdi.
[gallery-26018]
Mazkur tarixiy tadbir munosabati bilan mamlakatimiz miqyosida 80 ming tup, shu jumladan Namangan viloyatida 5 ming tup turli manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.
– Namangan hamisha yurtimizning ekologik toza, yashil va qulay hududlaridan biri sifatida e’tirof etib kelinadi. Bu borada “Yashil makon” tadbirlari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u xalqimizning ahilligi va jipsligi hamda obodlikka daxldorligini namoyon etadi, – deydi Namangan shahridagi “Markaz” elektr ta’minoti korxonasi uchinchi ustachilik bo‘limi elektr montyori Hakimjon Samatov. – Ushbu ommaviy tadbirlarda jamoamiz bilan muntazam ravishda ishtirok etib, o‘z hissamizni qo‘shib kelayotganimizdan xursandmiz. Daraxt ekishda asosan talaba-yoshlar va ekofaollar ham uyushqoqlik ko‘rsatdilar.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida viloyat hududlarida ko‘chat ekish ishlari izchil davom ettiriladi. Bunda har bir nihol sug‘orilishidan tortib, parvarishlanishgacha bo‘lgan jarayon Namangan viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda mahalliy hokimliklarning doimiy nazorati ostida bo‘ladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA