Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda Yaponiya ta’lim tajribasi sinovdan o‘tkazilmoqda
18:53 / 2026-02-19

Ta’lim-tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi. Shunday ekan, ertamiz egalarining yorqin kelajagi yo‘lida qayg‘urishda nafaqat milliy qadriyatlar va uslublar, balki xorijiy metodika ham alohida ahamiyat kab etadi.

Ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarda zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish maqsadida Namanganda Yaponiyaning ta’lim modeli asosida tajriba-sinov ishlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu loyiha doirasida viloyat bo‘yicha 17 ta umumta’lim maktabi va 18 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olinib, ularda kunchiqar o‘lka ta’lim tizimining samarali yo‘nalishlari joriy etilmoqda.  

E’tiborlisi, mazkur yangi metodik jarayonga sohada katta tajribaga ega sharqiy osiyolik mutaxassis Goto Mikako xonim jalb etildi. Mamlakatimizga tashrif buyurgan yaponiyalik yuqori malakali mutaxassis Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi.  

Tokio shahrida tug‘ilgan Goto Mikako “Meisei” universitetining gumanitar fanlar fakulteti pedagogika yo‘nalishini tamomlagan. Boshlang‘ich maktab va bog‘cha o‘qituvchisi huquqini beruvchi davlat litsenziyalarini olgan. Amaliy ta’lim, rolli o‘yinlar, fanlararo integratsiya va maktab boshqaruvi sohalarida tajribaga ega. Yaponiya ta’lim tizimining zamonaviy uslublarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha mutaxassis.

Muloqotda yurtimiz maktablarida yapon tajribasining maqsad-vazifalari va kutilayotgan natijalari xususida o‘zaro fikr-mulohaza almashildi. Qayd etilganidek, o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, yuqori intizom, jamoada ishlash madaniyati, mehnatsevarlik va mas’uliyat hissini shakllantirish barobarida odob-ahloq fazilatlarini kuchaytirish lozim. Bu borada O‘zbekiston va Yaponiya xalqlari o‘rtasida mushtaraklik, o‘xshash jihatlar juda ko‘p.

Goto Mikako xonim yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, hamkorlikda yaxshi natijalarga erishish uchun astoydil intilishini ta’kidladi. Mazkur tashabbus o‘quvchilarda intizom, mas’uliyat va ijtimoiy faollik kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA