O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida kartoshka urug‘chiligiga ixtisoslashgan ilmiy-ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi kasb-hunarga o‘qitish markazi negizida Yangiqo‘rg‘on agrotexnologiyalar texnikumi tashkil etiladi.
Texnikumning asosiy vazifalari:
qishloq xo‘jaligi cohasi uchun mehnat bozorida raqobatbardosh hamda yuqori malakaga ega o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash va o‘quv jarayoniga dual ta’lim tizimini joriy qilish;
ish beruvchi tashkilotlardagi yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislarni ta’lim jarayonlariga jalb etish orqali o‘quv jarayoni sifatini ta’minlash;
bitiruvchilarning kasbiy ko‘nikmalari ish beruvchilar va xolis ekspertlar tomonidan baholanishini yo‘lga qo‘yish;
xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish, ilg‘or xorijiy agrotexnologiyalarni tadqiq qilish, bu borada xorijiy laboratoriyalarni jalb qilish va konsalting-maslahatlar berish, metodik seminar va mahorat darslarini tashkil etish;
xalqaro tashkilotlarning grantlarini jalb qilgan holda o‘quvchilarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or xorijiy ishlab chiqarish tashkilotlarida malakasini oshirishdan iborat bo‘ladi.
Texnikum O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi kasbiy ta’lim tashkiloti hisoblanadi hamda amaldagi kasbiy ta’lim tashkilotlarini moliyalashtirish tartibi asosida faoliyat ko‘rsatadi.
Texnikumda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha ikki yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va dual ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Texnikumda Germaniya davlatining tajribasi asosida tadbirkorlik ko‘nikmalari o‘qitilishi joriy etiladi hamda ta’lim jarayonini boshqarish, shu jumladan, dars jadvali, o‘quvchilar baholarini qayd qilish, pedagog kadrlar o‘quv yuklamalarini belgilash va guruh jurnallarini yuritish raqamlashtiriladi.
O‘zA