Ilhomjon Rahimjonovich Sattorov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U ushbu lavozimda Respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan ish boshladi.
Ilhomjon Sattorov 1985 yil 7 mart kuni Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008 yil Namangan muhandislik-pedagogika institutini, 2020 yil Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Menejment mutaxassisligiga ega. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi.
Mehnat faoliyatini 2008 yilda Namangan viloyati moliya boshqarmasida EHM operatorligidan boshlagan. U 2009-2021 yillar davomida viloyat moliya boshqarmasi, Chortoq tumani moliya bo‘limi, Uychi tumani hokimligi, Namangan viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasida turli mas’ul vazifalarda ish olib borgan.
Ilhomjon Sattorov yangi tayinlovga qadar, ya’ni 2021 yil iyun oyidan buyon Namangan viloyati hududiy Innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyatida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yangi boshqarma Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni hamda “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA