Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda yangi tuzilgan boshqarmaga rahbar tayinlandi
19:08 / 2023-03-01

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining buyrug‘i bilan Zafar Shavkatovich Ikromov Namangan viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yangi boshqarmada ish boshlagan rahbar rasman tanishtirildi.

Zafar Ikromov 1976 yil 21 sentyabrda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1998 yili Namangan muhandislik - pedagogika institutini bo‘limini tamomlagan. Mutaxassisligi - iqtisodchi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a’zosi.

Mehnat faoliyatini 1998 yilda Davlat tijorat Xalq banki Namangan viloyati boshqarmasida mutaxassis sifatida boshlagan. U 2000-2007 yillarda Ipak yo‘li banki, 2008-2021 yillarda Davlat mulki qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasida turli mas’ul va rahbarlik lavozimlarida, 2021-2022 yillarda Namangan viloyati hokimligining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati mudiri lavozimida ish olib borgan.

Zafar Ikromov yangi tayinlovga qadar, ya’ni 2022 yil mart oyidan buyon Namangan viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududiy boshqarmalari Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish; Bandlik va mehnat munosabatlari; Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash; Mahallabay ishlash boshqarmalari negizida tashkil etildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.