Gazeta – hayotimiz ko‘zgusi, ta’lim va tarbiya vositasi. Matbuot nashrlari kishini ham o‘qish, ham yozishga o‘rgatadi, tafakkurini boyitadi, mustaqil fikrlashga undaydi.
“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari tadbirida keng jamoatchilik vakillari – ziyolilar, yozuvchi-shoirlar, mahalla faollari, nuroniylar, davlat va nodavlat tashkilotlar mas’ullari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Namangan davlat universiteti faollar zalida bo‘lib o‘tgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 yanvardagi “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati davlat korxonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Respublika miqyosida ilk bor viloyat hokimligi ko‘magida uyushtirildi.
Tadbirni ochgan Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimizga yetkazish, odamlarda daxldorlik hissini shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanligini ta’kidladi.
[gallery-9995]
“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Nosirjon Dehqonov, Namangan davlat universiteti professori, yuridik fanlar doktori Tursunboy Fayzullayev Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Yangi O‘zbekiston” ijtimoiy-siyosiy gazetasi yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarning hayotiy ifodasi ekanini e’tirof etib, o‘tgan qisqa davr mobaynida u katta auditoriyani qamrab olgani, tahliliy-tanqidiy mazmundagi maqolalar bilan bugungi yangilanishlarga munosib hissa qo‘shib kelayotganini qayd etdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Yangi O‘zbekiston” gazetasining ilk soni 2020 yil 25 yanvarda chop etilgan. Bugungacha uning 780ga yaqin soni mushtariylar qo‘liga yetib borgan. Haftada besh kun, yurtimiz hayotiga doir muhim sana va voqealar bilan bog‘liq hollarda esa yetti kun ham chiqadigan gazeta olti sahifada, boshdan oxirigacha rangli chop etiladi. Hozir uning adadi 80 mingdan oshadi.
Tahririyat O‘zbekistondagi eng keksa va eng yosh nashrlarni birlashtirgan. 1917 yildan buyon chop etib kelinayotgan “Pravda Vostoka” gazetasi O‘zbekistonning amaldagi eng keksa gazetasi sanaladi. U bu yil 105 yoshga to‘ldi. Har ikki nashr bugun o‘z sahifalarida zamonaviy tendensiyalardan unumli foydalanib kelmoqda. Jumladan, transformatsiya jarayoni e’tiborga molik. Tahririyatda mediakonvergensiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yangi O‘zbekiston” gazetasining deyarli har bir sonida “matn+foto+QR kod” formatdagi maqolalarni o‘qishingiz, shuningdek, video orqali ko‘rishingiz mumkin.
Obuna targ‘iboti yakunida talabalar ishtirokida viktorina savol-javoblari o‘tkazilib, g‘oliblarga hamda faol jamoatchi ijodkorlarga tahririyat sovg‘alari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.