French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda yana bir xalqaro turnir start oldi
10:37 / 2023-06-11

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida boshlangan shotokan karate-do bo‘yicha xalqaro ochiq turnirda vodiy viloyatlari, Toshkent shahri, shuningdek Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyatidan kelgan 200dan ziyod yosh o‘g‘il-qizlar g‘oliblik uchun bahsga kirishdi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xususan viloyatda shotokan karate-do sport turini ommalashtirishda mehnati singan Xabibulla Abdurahimov, Abdulhafiz G‘ofurov, Shuhrat Usmonov, Hamid Rustamov, Sobit Saidov kabi sport ustalarining xotirasiga bag‘ishlangan turnir yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda terma jamoa zaxirasini munosib nomzodlar bilan boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov, O‘zbekiston shotokan karate-do assotsiatsiyasi bosh murabbiyi, 7-dan qora belbog‘ sohibi Xo‘jamqul Xo‘jamqulov, Namangan shahri hokimi G‘ofurjon Jamolov bu kabi turnirlar o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini sportga oshno etish, yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, Vatanimiz sha’nini xalqaro arenalarda ulug‘laydigan chempionlarni yetishtirishga xizmat qilajagini ta’kidladi.

Yoshlar o‘rtasida shotokan karate-do sport turini keng ommalashtirish, ko‘plab chempionlarni tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shgan bir guruh sport faxriylari turnir tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Xalqaro turnir ishtirokchilari 25 kilogrammdan +84 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifalarida yakka va jamoaviy kumite yo‘nalishlarida tatamida bellashmoqda. Qizg‘in ruhda kechayotgan bahslarda dastavval eng kichik yoshdagi bolajonlar o‘rtasida g‘olib chiqqan iqtidor sohiblariga diplom va medallar taqdim qilindi.

Ushbu musobaqa g‘oliblari orasidan joriy yilning 8-10 sentyabr kunlari poytaxtimiz mezbonlik qiladigan shotokan karate-do bo‘yicha jahon chempionatida terma jamoamiz safida ishtirok etish uchun tanlab olinadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.