Mamlakatimizda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish borasidagi xususiy sektorning o‘rni va ulushi ortib bormoqda.
Davlat umumta’lim maktablari bilan bir qatorda nodavlat maktablar ham o‘z faoliyatini boshlamoqda.Keyingi ikki yilda Namangan viloyatining o‘zida “Al Xorazmiy”, “Ziyokor” singari o‘ndan ortiq xususiy ta’lim muassasalari tashkil etilib, ularda o‘quvchilarni xalqaro standartlar talabi asosida bilim olishlari uchun zamonaviy shart-sharoit va imkoniyatlar hozirlandi.
Yangi Namangan tumanida davlat xususiy sherikligi asosida yangi barpo etilgan Namangan davlat texnika universitetining ming o‘rinli, ko‘p qavatli talabalar turar-joyi binosining birinchi va ikkinchi qavatlarida “Thompson” xalqaro maktabining Namangan filiali ochildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali taqdimot marosimida qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov keyingi yillarda maktablarda zamonaviy sharoitlarni yaratish, o‘qituvchi nufuzi va ta’lim sifatini oshirish, tizimda xususiy sektor ulushini kengaytirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilari nuroniylar hamrohligida ramziy lenta qirqildi. Birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida o‘quvchilar ilk dars sari yo‘l oldilar.
“Thompson” xalqaro maktabida o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Sinf xonalarining jihozlanishidan tortib, o‘quv vositalarigacha so‘nggi rusumdagi ilg‘or texnologiyalar bilan ta’minlangan.
[gallery-25230]
Tantanali tadbirda yangi maktabning birinchi sinf o‘quvchilariga kitoblar va o‘quv qurollari jamlanmasidan iborat Prezident sovg‘alari taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (foto), O‘zA.