Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda yana bir tarixiy yodgorlik ta’mirdan chiqarildi
13:33 / 2024-06-25

Namangan shahrining Yangi Namangan tumanidagi Mavlono qabristoni hududida joylashgan Mavlaviy Namangoniy maqbarasida olib borilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari yakunlandi. Bu qadim va aziz joyda mangu ko‘nim topgan ulug‘ zotlar maqbaralaridan iborat me’moriy kompleks mukammal ta’mirlanib, obod etildi.

Mazkur tarixiy qadamjo majmuasining ochilish marosimida viloyat faollari, nuroniylar, imom-xatiblar, keng jamoatchilik vakillari hozir bo‘lishdi.  

Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda tarixiy obidalarni asrab-avaylash, moddiy-madaniy meros ob’ektlarini asl holicha saqlab, kelajak avlod vakillariga yetkazish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Namangan viloyatida 300 ga yaqin madaniy meros ob’ekti mavjud. Keyingi uch-to‘rt yil ichida turizmni rivojlantirishga xizmat qiluvchi maskanlar, ziyoratgohlarni ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratilib, ularga ikkinchi hayot bag‘ishlanmoqda. Xususan, Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy, Chust tumanidagi Bibiona, Namangan shahridagi O‘n bir Ahmad, Kosonsoy tumanidagi Mahdumi A’zam yodgorlik majmualari xalqimizning qadrli ziyorat manzilgohlariga aylantirildi.

[gallery-17978]

Viloyat markazidagi madaniy meros maskanlaridan biri Mavlaviy Namangoniy ziyoratgohi viloyat hokimligining sa’y-harakati bilan ko‘rkam me’moriy majmuaga aylantirildi. Bir gektar hududni egallagan ushbu muazzam maskandagi ziyoratxona, Shimoliy Farg‘ona kanali bo‘yidagi shiypon yangidan bunyod etilib, atrof obodonlashtirildi. Ikki yuz yil avval qurilgan tarixiiy inshoot puxtalik bilan asliga ziyon yetkazilmagan holda restavratsiya qilindi.

Ma’lumot uchun: Mavlaviy Namangoniy maqbarasi XVIII asrning ikkinchi yarmida yashagan ulug‘ shoir va olim Mavlaviy Mullaxo‘ja xotirasiga bag‘ishlab qurilgan bo‘lib, qurilish sanasi XVIII-XIX asrlarga to‘g‘ri keladi. Dastlabki ta’mirlash ishlari XIX asrda bo‘lib, unda maqbaraga gumbaz o‘rnatilgan. Keyinchalik 1875 yil, 1905 yil va 1957 yillarda rekonstruksiya qilingan.  

Darvoqe, o‘sha paytda yodgorlikning shundoq ro‘parasida jome’ masjidi faoliyat yuritgan. Bugungi kunda uning o‘xshash muqobili poytaxtimizdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mangu qo‘nim topgan Shayx Zaynuddin qabristoni bo‘lib, uning qarshisida “Ko‘kcha” masjidi barpo etilgan.

Mullaxo‘ja eshon Mavlaviy Namongoniy  o‘z davrining yetuk ilm egasi, allomasi, hayotlik davrida ilm ma’rifatni targ‘ib etib, ko‘plab shogirdlar yetishtirib, el o‘rtasida shuhrat qozongan buyuk allomadir.

Namanganlik yetti ulamo, jumladan, Mavlaviy Namongoniy hayoti va ijdodi haqida tojikistonlik olim Sodirxon Umarov muallifligida yangi nashrdan chiqqan “Xaft buzrugi Namangon” kitobi taqdim etildi. Marosim yakunida o‘tganlar ruhi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi  Shavkat Abdurazzoqov, Respublika madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),  

O‘zA  muxbirlari