Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan Namangan shahrining Yangi Namangan tumanidagi Boborahim Mashrab nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini uchun zamonaviy idora binosi foydalanishga topshirildi.
Mazkur maskanning ochilishi aholi uchun chinakam bayramga aylandi. Ushbu mahalla 1985 yilda tuzilgan bo‘lsa-da, fuqarolar yig‘ini xizmat binosi bir qavatdan iborat, pastakkina, ko‘rimsiz holatda va atigi ikki xonada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Joriy yilda tuman hokimining qaroriga asosan mahalla binosi uchun hududning shimoliy qismida bo‘sh turgan besh sotixli yer maydoni ajratib berildi va qisqa muddatda davlat xususiy-sherikchilik asosida zamonaviy, barcha sharoitlar yaratilgan yangi bino barpo etildi. Unda mahallada ishlovchi har bir xodim va majlislar zaliga alohida xonalar hozirlandi. MFY binosi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan mebellar jamlanmasi va kompyuterlar to‘plami bilan ta’minlandi.
[gallery-8640]
– To‘rt ming to‘rt yuzga yaqin mahallamiz ahliga xizmat ko‘rsatishda keyingi yillarda bir muncha qiyinchiliklarga duch kelayotgandik, – deydi Boborahim Mashrab nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qodirxon Oxunov. – Shu boisdan ham mahallamiz uchun yangi bino qurilishida yoshu-qari birdek yordam berdi. bugungi qulayliklar esa mahallamizda raisdan tortib, xotin-qizlar faoligacha - “beshlik xodimlar”ga Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan “Mahalla raisi - islohotchi” tamoyili asosida ish olib borishga, jinoyatchilik va ajrimga yo‘l qo‘ymaslik, aholini ish bilan ta’minlash, oilaviy daromadlarni oshirishga, mahallada milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishga undaydi.
Zamonaviy mahalla binosining ochilishida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA