Xabaringiz bor, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bir necha yillardan buyon “Iste’molchilar uyi” va “Iste’molchi kutubxonasi” loyihalarini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Mazkur ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbusning uzviy davomi sifatida fuqarolar murojaatlari bilan manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, faoliyat samaradorligini oshirish hamda qulay mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida bugun Namangan viloyati hokimligi amaliy ko‘magida “SHABNAM BETAKROR QURILISH” MCHJ qurilish tashkiloti tomonidan bunyod etilgan Federatsiyaning viloyat hududiy birlashmasi uchun mo‘ljallangan “Iste’molchilar uyi” ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Shu kabi binolar viloyatning To‘raqo‘rg‘on va Norin tumanlarida ham qurilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Mingbuloq, Chortoq va Namangan tumanlarida qurilish ishlari izchil davom etmoqda.
Ma’muriy bino ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov, Oliy Majlisi Senati a’zolari I.Najmiddinov, O.Mamatkarimov, viloyat va Davlatobod tumani hokimligi vakillari, soha mutasaddilari, jamiyatlar va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi “2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat boshqaruvi hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.
– “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat ishlaridagi faolligini oshirish, jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirishda nafaqat davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, balki tadbirkorlik sub’ektlarining amaliy ko‘magi muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov. – Federatsiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Iste’molchilar uyi” loyihasi doirasida mamlakatning ko‘plab tuman va shaharlarida shunday ma’muriy binolar foydalanishga topshirilib, yangi qurilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Marosimda so‘zga chiqqanlar Federatsiya va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda bugun foydalanishga topshirilayotgan yangi ma’muriy binolarning faoliyat samaradorligini oshirishdagi o‘rni haqida fikr bildirdilar.
Endilikda bu yerda iste’molchilar nafaqat ularni qiynayotgan muammolar bo‘yicha murojaat qilish, balki bepul huquqiy maslahatlar olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Shuningdek, majmua tarkibida barcha kitobxonlar uchun zarur adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirishga xizmat qiladi.
O‘zA