FOTOREPORTAJ
Namanganda “Andrologiya-N Tibbiyot markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydalanishga topshirildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyotdagi izchil islohotlar samarasida davlat tibbiyot tizimi bilan birga xususiy tarmoq ham shakllanib, eng zamonaviy asbob-uskunalari va yuqori malakali kadrlar salohiyati bo‘yicha davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tibbiyot muassasalari bilan bemalol raqobatga kirishmoqda.
Namangan viloyatida ham sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish, tizim moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda xususiy tibbiyot muassasalari bundan 5 yil avval 275 tani tashkil etib, ularda 2841 ta ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 481 ta, ish o‘rinlari esa 4453 taga yetdi. Joriy yilning o‘tgan davrida 20 ta yangi xususiy shifoxona ochildi. 31 ta klinika o‘z faoliyatini kengaytirdi.
[gallery-8888]
Endilikda yangi davr talablariga to‘la javob beradigan, eng yangi texnologiyalarni o‘zlashtirgan o‘nlab nodavlat tibbiyot muassasalari nafaqat Namangan shahrida, balki viloyatning barcha tumanlarida samarali faoliyat ko‘rsatayotir. Xususan, “Saydana”, “AnaMED”, “Doktor A”, “Oydin shifo” va boshqa o‘nlab xususiy tibbiyot maskanlarining dovrug‘i bugun Namangandan tashqariga ham yoyilgan.
Yangi ish boshlagan “Andrologiya-N Tibbiyot markazi” ambulator va statsionar sharoitda andrologiya, anesteziologiya-reanimatologiya, abdominal xirurgiya-statsionar diagnostika, ginekologiya, fizioterapiya, UTT hamda klinik laboratoriya diagnostikasi, kichik xirurgiya, kardiologiya, laparoskopiya xirurgiyasi, nevrologiya, pediatriya, urologiya, endokrinologiya ixtisosliklari bo‘yicha aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun tadbirkor tomonidan 10 milliard so‘m va 10 milliard so‘m bank krediti sarflandi. Muassasada 40 nafar shifokor va hamshiralar uchun ish o‘rinlari yaratildi.
Hotam MAMADALIEV (surat),O‘zA