Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda Xalqaro gullar festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda
22:12 / 2022-05-20

Gullar shahri – Namanganning brendi va o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan gullar bayrami yarim asrdan ko‘p vaqt davomida o‘tkazib kelinmoqda.

Avvalgilaridan farqli o‘laroq, joriy yilda o‘n besh kun, ya’ni 22 maydan 5 iyungacha 61-Xalqaro gullar festivali bo‘lib o‘tadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 26 aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Namangan shahrida o‘tkaziladigan gullar bayramini yuqori saviyada tashkil etish vazifasi topshirildi.

Keyingi yillarda viloyatda gulchilikni sanoat darajasiga olib chiqish choralari ko‘rildi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 avgustdagi “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori tarmoq rivojida yangi burilish yasadi. Namangan shahrining Davlatobod tumani gulchilikka ixtisoslashtirilib, alohida klaster tashkil etildi. Unda istiqbolli navlarni ko‘paytirish, xorijdan keltirilgan ko‘chatlarni mahalliylashtirish orqali yangi navlar yaratishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy markaz shakllantirildi. 10 sotixli issiqxonada yil davomida olib boriladigan mashg‘ulotlarga barcha yoshdagi havaskorlar jalb etilib, bir yarim oylik saboqdan so‘ng maxsus sertifikat olmoqda.

Namangan viloyati gulchilar assotsiatsiyasi raisi Obidxon Qodirovning aytishicha, uch gektar maydonda barpo etilgan zamonaviy issiqxonada 52 turda 4 million tup gul yetishtirilmoqda. Parvarish va seleksiya ishlari olib borilishi natijasida 70 ga yaqin kishining bandligi ta’minlandi. Turkiyadan taklif qilingan mutaxassis Eldar Yilmas xalqaro tajribalarni o‘zlashtirishda yaqindan ko‘maklashayotir.

Xalqaro darajadagi festivalda aholiga, qolaversa, xorijdan tashrif buyuradigan mehmonlarga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Bayramning asosiy tantanalari bo‘lib o‘tadigan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida shahar, tumanlar hokimliklari va boshqarmalar professional hamda havaskor gulchilar, ya’ni “Gulchilar assotsiatsiyasi” faollari bilan birgalikda gul kompozitsiyalari namoyishi uchun hozirlik ko‘rildi.

– Nafosat festivalida 50ga yaqin gul navidan 20 milliondan ortiq turfa xil gullar landshaftlar asosida ekildi, – deydi Namangan shahar hokimining o‘rinbosari Akbarjon Domlajonov. – Birgina, Bobur xiyobonining o‘zida 10 million gul ko‘chatlari ekilib, o‘ziga xos dizaynli dekoratsiyalar tayyorlandi. Qolaversa, shahar ko‘chalari turfa xil installyatsiyalar bilan ham bezatilmoqda.

Namangan azaldan atirgullari bilan mashhur. Bejizga gul bayramining belgisi etib qizil atirgul tanlanmagan. Gullar shahri ko‘cha va xiyobonlaridagi noyob turdagi atirgullarning barq urib ochilgani kishini beixtiyor samoviy hislar sari yetaklaydi.

61-Xalqaro gullar festivaliga Norin tumani hokimligi hamda professional gulchilari birinchilardan bo‘lib kirishgan. Norin tumani uchun ajratilgan maxsus maydonda ikki daryo oralig‘ida joylashgan hududning timsollarini o‘zida mujassam etuvchi Norin daryosi va uning bo‘yidagi gullar kompozitsiyasi o‘rin olgan.

– Gullar bayramida tumanimiz ikkinchi marotaba jamoa sifatida ishtirok etmoqda, – deydi Norin tumani hokimligining obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Mag‘firatxon Mirzaahmedova. – Joriy yilgi bayramga birinchilardan bo‘lib tayyorgarlik ko‘rdik. Bizga ajratilgan joyda Shafran, Salviya, Zina, Begonya, Virbinya, Bargitomosha, Katakaktus, Esmeralda, Kalendula, Geran singari 20 dan oshiq turdagi 100 ming tup gul ekdik. Gullarni doimiy saqlab turish maqsadida suv idish va suv nasos o‘rnatdik. Tungi yoritish uskunalari bilan jihozlangani esa oqshomda keluvchilarga estetik zavq ulashadi. 70 nafar ishchi-xodim festivalni xalqimiz va mehmonlarga manzur bo‘ladigan holda tayyorlash yo‘lida astoydil mehnat qildi.

Gul bilan bezatilgan 200 dan ziyod mashinalar ishtirokida “Gul paradi” uchun avtokarvon ham tayyorlanmoqda.

Namangan viloyati Turizm va madaniy meros boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, Xalqaro gullar festivalini tomosha qilish uchun 30 dan oshiq mamlakatdan 1 million 500 mingdan ziyod mehmonlarning tashrifi kutilmoqda. Ayni vaqtda viloyatdagi 25 ta mehmonxona 2 ming 500 dan ortiq mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Yana 5 ta mehmonxona bayram kunlari ochilishi rejalashtirilgan. Namangan shahri va shaharga tutash tumanlarda joylashgan oilaviy mehmon uylariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Gullar bayrami kunlari milliy san’atimiz va madaniyatimiz targ‘ibotiga yo‘naltirilgan turli konsert-tomoshalar bilan yanada shavqli kechadi. Bu borada viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan puxta hozirlik ko‘rildi. Bobur bog‘i, “Afsonalar vodiysi” tematik parki va viloyat musiqali drama teatri oldida o‘rnatiladigan sahnalarda shoirlar, yozuvchilar, sirk ustalari, estradasi xonandalari va folklor-etnografik xalq ansambllarining chiqishlari namoyish etiladi. O‘zbekiston xalq artisti, Namangan elining suyukli hofizi Kamoliddin Rahimov xotirasiga bag‘ishlab “Kamoliddin izdoshlari” nomli Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.

Har yili Xalqaro gullar festivalining faol ishtirokchilari munosib rag‘batlantirib kelinmoqda. Bu galgi bayram tantanalari yakunida festivalda korxona-tashkilotlar va gulchilar 12 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlanadi. Oliy o‘rinlarga sazovor bo‘lganlarga esa avtomobillar taqdim etiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA