Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda viloyat hokimi sovrini uchun “Street workout” sport musobaqasi o‘tkazildi
18:38 / 2021-04-05

Namanganda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida “Street workout” (“ko‘cha sporti”) bo‘yicha viloyat hokimi sovrini uchun chempionat o‘tkazildi.

Unda mazkur musobaqaning shahar-tuman bosqichlarida yuqori uch pog‘onani egallagan yoshlar viloyat hokimi sovriniga ega chiqish uchun o‘zaro bellashdi.

Namangan viloyatida joriy etilgan yoshlar bilan ishlashning yangi tizimida ertamiz egalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli va unumli o‘tkazishlarini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, ayni paytga kelib, qishloq va mahallalar hududlarida 600ga yaqin “Street workout” maydonchalari foydalanishga topshirildi. 

Bu borada Davlatobod tumani prokurori rahbarligidagi ikkinchi sektor, Yangiqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i mas’ul uchinchi sektor va Norin tumani hokimi boshchiligidagi birinchi sektor hududlaridagi ezgu sa’y-harakatlar diqqatga sazovor. bugungi kunda barcha mahalla guzarlarida aholi o‘rtasida sport-sog‘lomlashtirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi maydonchalarni tashkil etish izchil davom ettirilmoqda.

Mazkur musobaqa ochilishida ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov yoshlarning chiqishlari, ko‘cha gimnastikasi bo‘yicha mahoratlarini kuzatdi. Yurtimizda yoshlar sportiga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalib, ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi.

Aytish mumkinki, “Street workout” musobaqasi ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ishtirokchilar bir-birini takrorlamaydigan mashqlari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Temur Maxsudov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Faxrli ikkinchi o‘rinni Sardor Pirmatov egallagan bo‘lsa, uchini o‘rin Botirali Abdufattoyevga nasib etdi.

Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlandi. Birinchi o‘ringa zamonaviy noutbuk, ikkinchi va uchinchi o‘rin egalariga so‘nggi rusumdagi televizorlar taqdim etildi. Shuningdek, hududlarda “Street workout” maydonchalarini namunali tashkil etgan sektor rahbarlariga qimmatbaho sovg‘alar va tashakkurnomalar topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA