English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda velosport bo‘yicha xalqaro turnir start oldi
18:05 / 2023-03-24

Namangan shahrining Davlatobod tumanida joylashgan viloyat yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi qoshidagi “Velotrek” majmuasida velosportning trek turi bo‘yicha “Silk-Road Namangan” (“Ipak yo‘li Namangan”) xalqaro turniriga start berildi.

Prezidentimizning 2021 yil 24 sentyabrdagi “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur ko‘p kunlik xalqaro velopoygalarda mamlakatimiz sportchilaridan tashqari, Quvayt, Eron, Buyuk Britaniya, Gonkong, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlatlardan yuzga yaqin ishtirokchilar bir hafta mobaynida velotrekning guruh poygasi, jamoaviy poyga, jamoaviy sprint, skretch, tempo, omnium, medison, keyrin yo‘nalishlarida turli masofalarda bahslarga kirishdilar.

Nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisining o‘rinbosari Kozim O‘rinboyxo‘jayev bunday xalqaro darajadagi musobaqalar eng avvalo, aholi va yoshlarni sportga, shu jumladan velosport turlariga qiziqtirish, yosh sportchilarni Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon chempionatlari kabi yirik musobaqalarga tayyorlash hamda ularning munosib ishtirok etishi va yuqori natijalarga erishishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

E’tirof etish joizki, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish va ommalashtirish, o‘sib kelayotgan yigit-qizlarni sportga jalb etish, professional sportchilarni muntazam shug‘ullanishlari uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish borasida olib borilgan amaliy ishlar natijasida Namangan keyingi yillarda respublikaning xalqaro sport maydoniga aylandi. Buning natijasida, viloyatda so‘nggi bir yil davomida sportning futbol, qo‘l jangi, bel olish, voleybol, basketbol, belbog‘li kurash, taekvondo WT turlari bo‘yicha 10 ta nufuzli xalqaro turnir yuqori saviyada uyushtirildi.

Ma’lumot o‘rnida 1980 yilda qurilgan Namangandagi “Velotrek” majmuasi 2015 yilda joriy ta’mirdan chiqarilib, bugungi kunda jahon sport standartlari talablariga to‘laqonli javob beradi. Hozirga qadar ushbu trek maydonida mamlakat chempionati va kubok bellashuvlari o‘tkazib kelingan.

“Silk-Road Namangan” xalqaro velopoygalarini jamoaviy poyga va jamoaviy sprint bahslari boshlab berdi. Unda O‘zbekiston sharafini Aleksey Fomovskiy, Dmitriy Bocharov, Danil Yevdokimov, Edem Eminovlardan iborat erkaklar hamda Margarita Misyurina, Madina Qahhorova, Nafosat Qo‘ziyeva, Sofiya Karimovalardan iborat ayollar jamoalari himoya qilishdi.

Darvoqe, musobaqaning borishini O‘zbekiston, Eron va Buyuk Britaniyaning mohir hakamlari guruhi kuzatib bormoqda. Xalqaro velopoygalar ikkita xalqaro turnir tarzida shu yilning 2 aprel kuniga qadar davom etadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA