Namangan viloyatining Davlatobod tumanida “Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostida II ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda shahar va tumanlardan kelgan pedagoglar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Xorij oliygohlariga muddatidan avval o‘qishga kirgan bitiruvchilar bilan muloqot qilindi.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov shahar va tumanlardan kelgan pedagoglarga Vatan ravnaqi, yurt istiqboli va taraqqiyot odimlari ta’lim sohasi bilan, kelajagimiz egalarining har jihatdan ilm salohiyatli, zamonaviy bilimlarni chuqur va mukammal egallagan o‘g‘il-qizlar bo‘lib kamol topishiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufida bugungi kunda jami 1 ming 334 davlat ta’lim muassasasi mavjud. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 115 ming 796 nafar bola tarbiyalanmoqda, ularda 23 ming 693 nafar tarbiyachi faoliyat yuritmoqda.
– Mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, jumladan, ilg‘or ta’lim dasturlarini maktablarga joriy etish, ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yangi o‘quv yilidan boshlab 1-4-sinflar uchun yangi avlod darsliklari joriy etildi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Oybek Zokirov. – Viloyatdagi yettita maktabda o‘quvchilarning qobiliyati va tanlovi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish tajriba-sinovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, 14 maktabda tajriba sifatida ingliz tili fanidan tashqari 7-sinfdan ikkinchi xorijiy til sifatida fransuz va nemis tillari qo‘shimcha o‘qitilishi, 10-sinfdan bitta kasb o‘rgatilishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Forumda ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA