Joriy yilda ilk bor “Ustoz-2020” milliy mukofoti tanlovi o‘zgacha ruhda, “O‘qituvchilar assotsiatsiyasi” va “Varkey Foundation” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Mazkur milliy tanlov o‘qituvchining umumiy bilim ko‘nikmalari, salohiyati va fidoyiligi, sohaga qo‘shayotgan yutuqlari kabi jihatlarga asoslangan bo‘lib, boshlang‘ich ta’lim fidokor ustozi, ta’lim sohasida ko‘rsatgan xizmatlari uchun, umid timsoli, ta’limda innovatsion yondashuv va g‘oyalari uchun, mehridaryo ustoz kabi nominatsiyalarni qamrab olgandi.
Tanlovning ilk bosqichidayoq 2997 nafar namanganlik o‘qituvchi ishtirok etdi. Ikkinchi bosqichda respublika bo‘yicha 150 nafar saralab olingan pedagog ichida Namangan viloyatidan 23 nafar vakil ham bellashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Pop tumanidagi 32-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi Istora Jo‘rayeva “Umid timsoli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lib, 30 million so‘m pul mukofoti hamda Dubay shahrida o‘tkaziladigan “Global Teacher Prize – 2021” taqdirlash marosimida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mingbuloq tumani 6-sonli maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Iqboloy Hoshimjonova, Norin tumanidagi 11-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi O‘lmasxon Mahmudova, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 48-sonli maxsus maktab internatining musiqa fani o‘qituvchisi Dishodbek Abdurahimovlarga assotsiatsiya tomonidan 5 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti taqdim etildi. Yana 19 nafar muallim ham muvaffaqiyatli ishtiroki uchun sertifikat va esdalik sovg‘alariga sazovor bo‘ldilar.
Namangan shahridagi 52-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan tantanali tadbirda, “Ustoz-2020” milliy mukofoti tanlovida yuqori marralarga erishib, o‘zining fidoyiligini namoyon etayotgan mohir ustozlarning yutuqlari e’tirof etildi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilov, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Namangan viloyati bo‘yicha vakili Lutfiddin G‘aniyev ta’lim sohasi zahmatkashlarini yuksak muavvafaqiyat bilan tabriklab, bugungi kunda ustoz muallimlarni e’zozlash, ularning mehnatini ulug‘lash va jamiyatdagi obro‘sini yuksaltirish davlatimiz rahbariyatining doimiy diqqat markazida ekanligini ta’kidladilar.
Tantanali tadbirda g‘olib-sovrindor o‘qituvchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA