Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda urug‘lik bug‘doy tayyorlash jarayonlari qanday kechmoqda?
21:41 / 2021-12-01

Namangan viloyatida 2022 yil hosili uchun 67 ming 750 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 13 ming 849 gektari ochiq maydonlarga, 53 ming 901 gektar maydon g‘o‘za qator orasiga ekish mo‘ljallangan. Ayni kunlarda deyarli barcha maydonlardagi nihollar unib chiqib dastlabki agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasida viloyatda 2022 yil uchun urug‘lik bug‘doy tayyorlash ishlarining tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Jurnalistlarga kelgusi yilda urug‘lik tayyorlovchi fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi o‘tkazilgan tanlov, urug‘lik bug‘doyning yig‘ishtirib olinishidan tortib dalaga ekilib, unib chiqqunigacha bo‘lgan jarayonlarda agrotexnik tadbirlar ustidan o‘rnatilgan nazorat, urug‘lik bug‘doylarning tayyorlanishi, dorilash, saqlash kabi masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, 2022 yil hosili uchun ajratilgan 68 ming gektarga yaqin maydonlarga, o‘rtacha 1 gektar maydonga 250 klogrammdan urug‘lik don sarf etilganda, viloyatga ushbu maydonlar uchun 16 ming 940 tonna sara urug‘lik talab etiladi.

Joriy yilda tender tanlovidan o‘tgan urug‘lik don yetishtirish huquqini qo‘lga kiritgan, aprobatsiya ko‘rigidan o‘tgan 183 fermer xo‘jaligi tomonidan 4053 gektar maydonlarda sifatli va oliy navli urug‘lik donlar yetishtirilib, viloyatdagi 4 ta urug‘lik don qabul qilish shoxobchalari hamda Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga qarashli, Uychi, Mingbuloq, Chust, Uchqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida joylashgan 5 ta elita xo‘jaligida urug‘lik bug‘doylar qabul qilish belgilandi.

“Namangandonmahsulotlari” aksionerlik jamiyatiga qarashli “Mirishkor” don qabul qilish shoxobchasiga 210 tonna, “Chortoq” shoxobchasiga 6 ming 653 tonna, “Yeseyen” shoxobchasiga 3 ming 750 tonna, “Uchqo‘rg‘ondonmahsulotlari” aksionerlik jamiyatiga qarashli “Uchqo‘rg‘on” shoxobchasiga 5 ming 572 tonna va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi davlat korxonasiga qarashli elita urug‘chilik xo‘jaliklarida 800 tonna 2021 yil hosilidan yetishtirilgan urug‘liklarni, ushbu shoxobchalarda qabul qilish, saqlash, tozalash va dorilab qadoqlash ishlari olib borildi. Kelasi yil hosili uchun mo‘ljallangan kuzgi boshoqli don ekinlari to‘liq va sifatli qilib ekilib parvarish qilinmoqda.

– Viloyatdagi klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari tomonidan ekilgan g‘alla maydonlarida belgilangan agrotexnik tadbirlar o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ilhomjon Shodmonov. 

– Buning natijasida ayni kunga qadar boshoqli don ekinlarining 61 ming 784 gektari yoki 91 foizi unib chiqib, shundan 11 ming 783 gektari 1-2 barg, 29 ming 414 gektari 3-4 barg va 20 ming 677 gektari tuplash fazasida rivojlanmoqda. 

Bundan tashqari, 8 ming 143 gektar yoki 12 foiz maydonlarda azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, 41 ming 505 tonna yoki 20.4 foiz mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, 9 ming 585 dona yoki 96 foiz hosil chuqurlari qazish va 72.8 km yoki 36.3 foiz maydonlarda g‘alla nihollarini himoya qilish maqsadida o‘rash tadbirlari amalga oshirildi.

Qayd etilganidek, kuzgi boshoqli don ekinlarini sifatli va optimal muddatlarda ekish va ularga talab etiladigan, moddiy resurlarni o‘z vaqtida yetkazib berish, ayniqsa, keyingi yil hosili uchun sifatli urug‘liklarga bo‘lgan talablarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan xo‘jaliklarga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanildi.

Xususan, vakolatli organlar bilan birgalikda o‘tkazilgan 170 ta nazorat tadbiri va 30 ta tekshirish davomida 285 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, 585 marta ogohlantirish berildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tuman hokimliklari va tegishli idoralarga 70 taqdimnoma va 103 ta ko‘rsatma kiritildi. Huquqni muhofaza qilish idoralariga 15 ta qonunbuzilish holati bo‘yicha hujjatlar yuborildi, 2 ta holat yuzasidan esa ma’muriy bayonnoma kiritildi.

Oqilxon Dadaboyev, Mashrabjon Qosimov (surat), O‘zA