English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda umumta’lim maktablari soni yana bittaga ko‘paydi
14:19 / 2021-03-23

Yurtimizda bayramlar, tantanalar, muhim sanalar munosabati bilan yangidan-yangi inshootlarning foydalanishga topshirilishi xayrli an’anaga aylangan. Xususan, yangilanish va yasharish ayyomi Navro‘zi olam kuni Namangan viloyatidagi mavjud umumta’lim maktablari soni yana bittaga ko‘paydi.

Ertamiz egalari kamoliga e’tiborning yorqin mahsuli sifatida Pop tumanidagi 31-umumta’lim maktabi uchun yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. 1929 yilda qurilgan mazkur ma’rifat maskani boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan edi. Maktab uchun Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan 2 milliard 850 million so‘m evaziga 210 o‘rinli yangi qo‘shimcha o‘quv binosi qurildi hamda mavjud 300 o‘rinli bino mukammal ta’mirlandi. Jami sakkizta sinf xonasidan iborat ikki qavatli yangi o‘quv binosida 609 nafar o‘g‘il-qizni munosib ilm egallashi uchun ta’lim standartlari asosida barcha sharoit va qulay imkoniyatlar yaratildi.

E’tiborlisi, homiylar hisobidan 95 million so‘m mablag‘ sarflanib, zamonaviy ko‘rinishdagi 40 o‘rinli oshxona bunyod etildi, o‘g‘il bolalar uchun texnologiya xonasi, kutubxona va hojatxona qayta ta’mirlandi.

Muassasaning tantanali ochilish marosimida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilov, Pop tumani hokimining o‘rinbosari Zafarjon Arslonov so‘zga chiqib, Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan Yangi O‘zbekistonda ta’lim va tarbiyaga e’tibor berish, bu jarayonda chekka va olis hududlarga alohida ahamiyat qaratish ustuvor vazifalardan bir ekanligini ta’kidladilar.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda Namangan viloyatining shahar va tumanlarida 711 ta xalq ta’limi muassasasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining qurilish bo‘limi boshlig‘i G‘olibjon Asraqulovning ma’lum qilishicha, joriy o‘quv yili davomida investitsiya dasturi asosida Namangan shahri, Kosonsoy, Chust va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 6 ta yangi maktab barpo etildi. Shuningdek, dasturlarga ko‘ra, 20 ta maktab kapital rekonstruksiyadan chiqarildi. Chortoq tumanida joylashgan 1 ta maktabda mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Prezidentimizning 2020 yil iyun oyida Namanganga tashrifi chog‘ida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Pop, To‘raqo‘rg‘on va Chortoq tumanlaridagi 3 ta umumta’lim maktabi kapital rekonstruksiya qilindi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA